O`ZBEKISTON CHARM SANOATI YUTUQLARI “QOZON-2024” IQTISODIY FORUMIDA

15.05.2024

O`ZBEKISTON CHARM SANOATI YUTUQLARI “QOZON-2024” IQTISODIY FORUMIDA


  Tatariston Respublikasining Qozon shahrida “Rossiya – Islom olami: KazanForum” XV Xalqaro iqtisodiy forumi o`z ishini boshladi. KazanForum - bu Rossiya Federatsiyasi va islom dunyosi mamlakatlari o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning asosiy platformasi sanaladi. Forumning maqsadi Rossiya va Islom hamkorlik tashkiloti mamlakatlari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashdan iborat.
  Ushbu xalqaro anjumanda O`zbekiston Respublikasi delegatsiyasi tarkibida “O`zcharmsanoat” uyushmasi va unga a`zo korxonalar “Made in Uzbekistan” jamoaviy stendi bilan ishtirok etmoqda. Unda 20 ga yaqin korxonalarning 100 ga yaqin turdagi tayyor charm, poyabzal, attorlik buyumlari, kimyoviy moddalar, jun va qorako`l mahsulotlari namoyishga qo`yilgan.
  Uyushma delegatlari forum doirasida nafaqat Rossiyaning turli hududlaridan kelgan ishbilarmon doira vakillari bilan balki, Islom hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar biznesmenlari bilan ham o`zaro savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirishga qaratilgan muloqot va muzokaralarni o`tkazmoqda.
  Ma`lumot uchun, joriy yilda 80 ta davlatdan 20 mingga yaqin ishtirokochi mazkur forumda qatnashishi kutilmoqda. “KazanForum 2024” biznes dasturidan xalqaro hamkorlik, islomiy moliya va investitsiyalar, halol sanoat, fan va texnologiyalar, infratuzilmani rivojlantirish, kadrlar buguni va ertasi, ayollar istiqboli mavzularidagi tadbirlar, “Rossiya Halal Expo 2024” iqtisodiy, ilmiy va texnologik hamkorlik xalqaro koʻrgazmasi, “Qozon halol bozori” xalqaro savdo yarmarkasi va moda festivali tashkil etiladi.
  Ko`rgazmaning dastlabki kunida ushuma delegatlari  Rossiyaning Volgograd viloyatida joylashgan “Волма” kompaniyasi direktorlar kengashi maslahatchisi Vladimir Sobin erkaklar va ortopedik poyabzal mahsulotlarini xarid qilish bo`yicha rejalarini aytib o`tdi. Muloqotda mahalliy korxonalarimiz va Rossiya kompaniyasi o`rtasida hamkorlikni yo`lga qo`yish bo`yicha kelishuvga erishildi.
  “Rossiya – Islom olami: KazanForum” joriy yilning 19 mayiga qadar davom etadi.

Uzcharmsanoat