Oʼzbekiston Respublikasi sanoat tarmoqlaridan iborat delegatsiyaning Janubiy Koreyaga tashrifi chogʼida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev mazkur mamlakatning eng yirik kompaniyalaridan biri “TG Holding” rahbariyati bilan muzokaralar oʼtkazdi.
Mazkur kompaniya dunyoning 50 dan ortiq mamlakatida oʼzining istiqbolli invest loyihalari bilan mashxurdir. Kompaniya qayta tiklanuvchi energiya, avtomobilsozlik, uy-joy qurilishi, yoʼl, farmatsevtika va kosmetologiya kabi sanoat tarmoqlarida koʼplab loyihalarni amalga oshirgan. Muloqotda kompaniya bilan hamkorlikda charm-poyabzal sohasida yangi sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish masalasi muhokama etildi.
Uchrashuv avvalida kompaniya rahbariyatiga mamlakatimiz charmsanoatining ishlab chiqarish, investitsiya, eksport salohiyati toʼgʼrisida maʼlumotlar taqdim etildi. Xorijiy investorlarga yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti, davlat tomonidan berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar, preferentsiyalar haqida taqdimot oʼtkazildi.
Oʼz navbatida Koreya kompaniyasi soʼngi besh yil mobaynida Oʼzbekiston iqtisodiyoti va sanoatining oʼsish dinamikasini kuzatib borishayotganini, xususan, yengil sanoatning charm-poyabzal tarmogʼidagi oʼzgarish va islohotlar yangi bosqichiga chiqanini maʼlum qildi. Shu maqsadda Janubiy Koreya brendlarini Oʼzbekistonga jalb qilgan holda yangi korxona ochish tashabbusini ilgari surishdi. Bu yerda ishlab chiqariladigan mahsulotlar nafaqat Osiyo mamlakatlari balki, Yevropaga ham yoʼnaltirilishi maʼlum qilindi. Shuningdek, mahalliy korxonalarimiz tomonidan ishlab chiqarilgan tayyor poyabzallarni Koreya bozoriga olib kirish boʼyicha takliflar koʼrib chiqildi.
“TG Holding” Oʼzbekistonda koʼplab sohalarga sarmoya kiritish maqsadida. Investitsiyalarning umumiy qiymati 150 mln. dollarni tashkil etadi. Dastlabki bosqichda esa 35 mln. dollar yoʼnaltiriladi. Аyni vaqtda ushbu mablagʼ evaziga qaysi tarmoqlarda ish boshlash boʼyicha taxlil jarayonlari olib borilmoqda.
Uchrashuvda Janubiy Koreya kapitali asosida amalga oshiriladigan dasturlar roʼyhatidan charmsanoat tarmogʼi birinchilardan boʼlib, mustahkam oʼrin egalladi. Аynan Koreya brendlarini Oʼzbekistonda ishlab chiqarish yuzasidan dastlabki kelishuvga erishildi.
Shu maqsadda “TG Holding” ishchi guruhi Oʼzbekistonda boʼlib charmsanoat tarmogʼining ishlab chiqarish salohiyati, bozor koʼrsatkichlari, infratuzilma bilan yaqindan tanishadigan boʼldi.
Uzcharmsanoat