Janubiy Koreyaning “Sangwon” kompaniyasi Oʼzbekistonda junni qayta ishlash zavodini quradi hamda tayyor charm sotib oladi

11.09.2023

Janubiy Koreyaning “Sangwon” kompaniyasi Oʼzbekistonda junni qayta ishlash zavodini quradi hamda tayyor charm sotib oladi

Oʼzbekiston Respublikasi ishchi guruhining Janubiy Koreyaga tashrifi chogʼida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev “Sangwon” rahbariyati bilan muzokaralar oʼtkazdi. Muloqotning asosiy mavzusi junni qayta ishlash yoʼnalishida sheriklik aloqalarining yoʼlga qoʼyish hamda Koreya Respublikasi avtosanoati uchun qoʼy terisidan ishlab chiqarilgan tayyor charm yetkazib berish masalasi boʼldi.

Uchrashuvda Koreya kompaniyasiga sohaning soʼngi yillardagi oʼsish dinamikasi, sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishda xorijiy investorlarga Davlat va Uyushma tomonidan koʼrsatilayotgan huquqiy va amaliy koʼmak toʼgʼrisida atroflicha maʼlumotlar berildi. Shuningdek, Oʼzbekiston korxonalari tomonidan qayta ishlangan jun mahsulotlari, tayyor charm naʼmunalari taqdim etildi.

“Sangwon” kompaniyasi vakili qayta ishlangan jun mahsulotlarini koʼzdan kechirib, mahalliy korxonalarning bu boradagi salohiyati yuqori ekanligini, Janubiy Koreyada bu turdagi jun mahsulotlariga talab yuqori ekanligini maʼlum qildi. Shuningdek, mamlakatimizdan nafaqat tayyor mahsulotlarni xarid qilish balki, yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish maqsad qilinganligi qayd etildi. Loyiha qiymati 15 mln.dollarni tashkil etadi.

Yangi loyiha Janubiy Koreya texnologiyasi asosida amalga oshiriladi. Bu yerda nafaqat Oʼzbekistonda, balki qoʼshni Qozogʼiston, Qirgʼiziston, Tojikiston, Turkmanistondda hosil boʼlgan jun xom ashyosini ham qayta ishlash imkoniyati paydo boʼladi. Yangi loyiha bilan avvalo ishlab chiqarishga xalqaro standartlar joriy etilsa, ikkinchi navbatda tayyor mahsulotlar nafaqat Koreya balki xalqaro maydonda talabgir mahsulotga aylanadi. Bugun Koreya avtosanoati uchun zarur boʼlgan charm mahsulotlar asosan kichik shoxli qoramol terisidan tayyorlanmoqda. Boisi ayni sanoatda yumshoq teriga boʼlgan talab ortmoqda. Biroq, bugungi kunda Janubiy Koreyada qoʼy terisi va undan tayyorlangan charm yetishmaydi. Shu sabab, ishonchli va uzoq yillik hamkorga ehtiyoj sezilmoqda. Maʼlumki, Oʼzbekistonda bir yilda 9 mln. dona kichik shoxli qoramol terisi hosil boʼladi. Shuningdek, qoʼshni respublikalarda hosil boʼlgan xom terini ham qayta ishlash imkoniyati bor. Shu sabab, “Sangwon” kompaniyasi mamlakat avtosanoati uchun tayyor charmni Oʼzbekistondan xarid qilish maqsadga muvofiqligini takidlab, bu borada hamkorlik qilish boʼyicha aniq rejalarini maʼlum qildi. Xususan, qoʼy terisidan tayyorlangan tayyor charmni xarid qilish boʼyicha kompaniya Oʼzbekiston korxonalariga charmning texnik parametrlarini yuboradigan boʼldi. Kelgusida katta miqdorda Oʼzbekistondan qoʼy terisidan ishlangan tayyor charm import qilinadigan boʼldi. Qayta ishlash jarayoni esa toʼliq Koreya texnologiyasi asosida amalga oshiriladi.

Uchrashuv soʼngida tez fursatda kompaniya vakillari Oʼzbekistonga tashrif buyurib har ikki loyihani amalga oshirish boʼyicha mahalliy korxonalar bilan muzokaralarga kirshishi yuzasidan kelishuvga erishildi.

Uzcharmsanoat