AQSHNING ENG YIRIK POYABZAL BRENDLARI BILAN HAMKORLIK O‘RNATISH IMKONI MUHOKAMA ETILDI

11.09.2023

AQSHNING ENG YIRIK POYABZAL BRENDLARI BILAN HAMKORLIK O‘RNATISH IMKONI MUHOKAMA ETILDI

O‘zbekiston Respublikasi ishchi guruhining AQShga tashrifi doirasida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev AQSHning "AAFA" kiyim va poyabzal uyushmasi prezidenti Stiven Lamar bilan uchrashdi.

Muzokaralar chog‘ida Amerika uyushmasiga a`zo yirik brendlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekistonning "AAFA" tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Amerika kiyim-kechak va poyabzal uyushmasi (AAFA) nufuzli davlat siyosati organi va kiyim va poyabzal sanoati hisoblanadi. Tashkilot davlat va aksiyadorlar o`rtasidagi ko`prik va tuzlimaning siyosiy ovozidir. Uyushmaga 1000 dan ortiq dunyoga mashhur brendlar, chakana sotuvchilar va ishlab chiqaruvchilar a`zodir.

Mazkur uyushma prezidenti janob Lamarga O‘zbekiston charm-poyabzal sanoatining mamlakatimiz iqtisodiyotidagi bugungi o‘rni, jahon charm sanoatida tutgan o‘rni haqida to‘liq ma’lumot berildi. Yig‘ilishda sohaning o‘sish tendensiyalari va jadal rivojlanishga xizmat qiluvchi omillar xususida fikr almashildi. Shuningdek, davlat tomonidan soha rivoji uchun berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar, mahalliy korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko`rilayotgan chora-tadbirlar, mamlakatimiz bo‘ylab ixtisoslashtirilgan KSZda yaratilgan sharoit va ulardagi imtiyoz va preferensiyalar haqida so‘z yuritildi. Investorlarning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan qulay sharoitlar, xususiy mulk daxlsizligi kafolatlari muhokama qilindi.

Muzokaralar stolida O‘zbekistonda "Autsorsing" asosida sport, ayollar va bolalar ortopedik poyabzallari hamkorlikda ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish masalalari muhokama etildi.

Shu bilan birga, Amerika kompaniyalari joriy yilning oktabr oyida bo'lib o'tadigan navbatdagi 15-xalqaro "UzCharmExpo-Eurasia-2023" ko'rgazmasida ishtirok etishga taklif qilindi.

 

Uzcharmsanoat