Xitoyning Venchjou shahri mezbonlik qilayotgan “Charm, poyabzal mahsulotlari va poyabzal uskunalari” 26 xalqaro ko’rgazmasi oʼz ishini davom ettirmoqda. “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi hamda mahalliy korxonalarimiz hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish boʼyicha dastlabki kelishuvlar va shartnomalarni imzolashga erishdi.
Xususan, Uyushma hamda Koreya innovatsion loyihalarni tadqiq etish instituti bilan hamkorlikda yangi qoʼshma taʼlim dasturi ishlab chiqadi. Dasturga muvofiq mamlakatimiz charmsanoat tarmogʼida innovatsion ishlanmalarni yaratuvchi malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash boʼyicha ishlar amalga oshiriladi. Boy tajribaga ega institut bu yoʼnalishda Koreya tajribasi asosida taʼlim berishni yoʼlga qoʼyishda amaliy hamkorlikka tayyor ekanligini maʼlum qildi.
Shri-Lanka charm va poyabzal ishlab chiqaruvchilari uyushmasi mamlakatimizdan tayyor charm, poyabzal, charm-attorlik buyumlarini import qilishni maqsad qilgan. Muloqotda hamkorlarga sohaning ishlab chiqarish salohiyati, mahsulotlar naʼmunalari taqdim etildi. Natijada Shri-Lanka tomoni qisqa fursat ichida Oʼzbekistonda ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlarni eksport qilish boʼyicha hamkorlik kelishuvini imzolashini maʼlum qildi.
Shuningdek, mahalliy “San+One” korxonasi Marokash kompaniyasi bilan poyabzallarni eksport qilish boʼyicha muzokara oʼtkazdi. Marokash kompaniyasi korxona mahsulotlari sifatini yuqori baholab, hamkorlik qilish maqsadida Oʼzbekistonga tashrif buyurishini qayd etdi.
Botir-Muhammad-Ali, “KFK” korxonalari esa oʼz ishlab chiqarishlarini modernizatsiya qilish, mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan xom ashyolarni Xitoydan import qilish boʼyicha qator xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralar oʼtkazdi.
Koʼrgazma doirasida dastlabki kelishuvlar yuzasidan hamkorlik memorandumlari va shartnomalar imzolanmoqda.
Uzcharmsanoat