“Doubletree Capital Bank” ilk investitsiya loyihalarini Oʼzbekistonda amalga oshiradi

05.06.2023

“Doubletree Capital Bank” ilk investitsiya loyihalarini Oʼzbekistonda amalga oshiradi

 “Oʼzcharmsanoat” uyushmasida АQShning “Doubletree Capital Bank”ning Markaziy Osiyo vakolatxonasi rahbari bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi. Muloqotda ikki tomonlama hamkorlikni yoʼlga qoʼyish va charmsanoat sohasida yangi qoʼshma loyihalarni moliyalashtirish masalasi muhokama etildi.

 Uchrashuv avvalida bank vakillariga mamlakatimizning charmsanoat sohasidagi islohotlar, ishlab chiqarish, investitsiya, eksport salohiyati toʼgʼrisida maʼluot taqdim etildi.

 Oʼz navbatida bankning Markaziy Osiyo vakoltaxonasi rahbari soʼngi olti yilda mintaqada loyihalarni moliyalashtirish maqsadida davlatlar oʼrganib chiqilgani, natijalar taxlil qilinganini maʼlum qildi. Natijada bankning ilk sarmoyaviy loyihalarini aynan Oʼzbekistondan boshlashga qaror qilingani qayd etildi.

Maʼlumot oʼrnida, “Doubletree Capital Bank” 20 yildan buyon АQShda faoliyat yuritadi. Xorijiy davlatlarga 30 mlrd.dollardan ortiq sarmoya kiritgan. 20 mln dollardan 100 mln.dollargacha boʼlgan yirik loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etadi.

 Uchrashuvda bank vakillari Oʼzbekistondagi soʼngi oʼzgarishlar, xususan charmsanoat sohasidagi dinamik oʼsish qator investorlarni mamlakatga jalb etayotganini maʼlum qildi. Shu sabab, Janubiy Koreya investorlari 30 mln. dollar evaziga respublikamizda charmni qayta ishlash, poyabzal mahsulotlari, charm-attorlik buyumlarini ishlab chiqarish va kadralar tayyorlash yoʼnalishlarida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda qoʼshma korxonalar, yangi loyihalarni ishga tushirishni maqsad qilgan.

 Dastlabki loyihalar uchun bank tomonidan Oʼzbekiston bilan hamkorlikda charmni qayta ishlash, poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarish yoʼnalishida yangi qoʼshma korxonalarni ochish maqsadida boʼlgan Janubiy Koreya investorlariga imtiyozli foizlarda kreditlar ajratiladi. Ushbu mablagʼlarga sarmoyadorlar Italiya, Germaniya, Janubiy Koreyadan texnologiya, uskunalar, butlovchi materiallar, xom ashyo olib kelib, mamlakatimizda oʼz faolityani boshlaydi. Ilk korxonalar avtomobilsozlik va mebelsozlik sanoati uchun tayyor charm ishlab chiqarishga ixtisoslashtiriladi. Tayyor mahsulotlar toʼliq Janubiy Koreya va Yevropa davlatlariga eskport qilinadi.

 Shuningdek, hamkorlikning ikkinchi yoʼnalishi charmsanoat sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashga qaratiladi. Bankning maxsus grantlari asosida soha uchun dizayner va texnologlarni tayyorlash boʼyicha alohida dastur amaga oshiriladi.

 Uchrashuv soʼngida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida memarandum imzolanishiga kelishib olindi.

Uzcharmsanoat