O`ZBEKSITON – QOZOG`ISTON HAMKORLIKNING YANGI BOSQICHI

26.06.2023

O`ZBEKSITON – QOZOG`ISTON HAMKORLIKNING YANGI BOSQICHI

Joriy yilning 21-22 iyun kunlari “O`zcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev boshchiligidagi Uyushmaga a`zo 40 ta korxonadan iborat delegatsiya biznes-missiya bilan Qozogi`ston Respublikasining Chimkent shahri va Turkiston viloyatiga tashrif buyurdi.

        Dastlab 21 iyun kuni Chimkent shahrida “O`zcharmsanoat” uyushmasi hamda Qozog`iston Respublikasi sanoatni rivojlantirish qo`mitasi raisi, Chimkent shahar hokimi o`rinbosari bilan tor doiradagi uchrashuv bo`lib o`tdi. 

Muloqotda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish, mahalliy korxonalarimizning ishlab chiqarish hajmlarini Qozog‘iston hududida kengaytirish, jumladan Chimkent va Turkiston hududlarida tashkil etilayotgan maxsus industrial zonalarga O‘zbekiston korxonalarini jalb qilish masalasi muhokama etildi. Shuningdek, O`zbekiston korxonalari uchun Qozog`istonda alohida dastur qabul qilinishi, tadbirkorlarga yaratib beriladigan bir qator imtiyozlar va preferensiyalar haqida taqdimot o`tkazildi.

Shundan so`ng O`zbekiston va Qozog`iston korxonalari ishtirokida kengaytirilgan uchrashuv hamda G2B va В2В uchrashuvlar bo`lib o`tdi. Unda mahalliy tadbirkorlarimizga Qozog‘istonda tashkil etilgan Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi orqali ishlab chiqaruvchilarga asbob-uskunalar xarid qilish va qurilish-montaj ishlari uchun yillik 3 foiz ustama bilan 10 yil muddatga (milliy valyuta “tenge”da) kredit mablag‘lari ajratilishi yuzasidan ma`lumotlar berildi. Qozog‘istonda tadbirkorlikni rivojlantirish milliy loyihasi doirasida tadbirkorlarga aylanma mablag‘ni to‘ldirish uchun yiliga 7 foiz ustama bilan 3 yil muddatga (milliy valyuta “tenge”da) kredit mablag‘lari ajratilishiga qaratilgan taqdimot o`tkazildi.

 Muloqotda Qozog‘iston industriya va eksport markazi tomonidan 14 ta mahsus iqtisodiy zona va 36 ta industrial zonalarda yaratilgan sharoitlar va qo‘llaniladigan imtiyozlar, jumladan korporativ daromad solig‘i, mulk solig‘i, mahsulot realizatsiyasidagi QQS, importdagi QQS, yer solig‘i “nol” stavkada qo‘llanilishi to‘g‘risida so`z yuritildi.

O‘z navbatida O‘zbekistonda charm-poyabzal va to‘qimachilik sohalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati tomonidan qabul qilingan tegishli qarorlar asosida doimiy qo‘llab-quvvatlanayotganligi, yaratilgan shart-sharoitlar to‘g‘risida sohalar bo‘yicha rivojlanish strategiyalari Qozog‘iston tadbirkorlari uchun taqdimot qilindi.

        22 iyun kuni esa O`zbeksiton delegatsiyasi Turkiston viloyatiga tashrif buyurib, industrial zonalardagi imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. Qozog`istonga sarmoya kiritish niyatida bo`lgan tadbirkorlarga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar to`g`risida ma`lumotlar berildi.

Natijada charm-poyabzal va to‘qimachilik sohalarida faoliyat olib borayotgan mahalliy korxonalardan “Peng Sheng” QK, “KFK”, “Saxovat teks”, “Grand Fayz Baraka” MCHJ korxonalari tomonidan O‘zbekistondagi ishlab chiqarishni kengaytirish va ikki tomonlama kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish maqsadida Qozog‘istonda paxta yetishtirish, poyabzal ishlab chiqarish uchun poyabzal tag qismlarini quyish, teri yig‘ish va uni qayta ishlash kabi takliflar muhokama qilinib kelishuvlarga erishildi.

Uzcharmsanoat