“O`ZCHARMSANOAT” UYUSHMASI-GENDER TENGLIK FAOLI

20.06.2023

“O`ZCHARMSANOAT” UYUSHMASI-GENDER TENGLIK FAOLI

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi “Gender tengligi faoli-2022” milliy tanlovining “Gender tengligini ta’minlashdagi eng faol NNT” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Mazkur tanlov har yili xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, oila va ayollar xuquqlarini ta`minlash, xotin-qizlarni yanada qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, gender tengligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni rag‘batlantirish maqsadida Gender tengligi va oila masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tengligi masalalari qo‘mitasi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan o‘tkaziladi. 

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan soha xodimlariga munosib mehnat sharoitini yaratish siyosati olib borilmoqda. Bu sohada mehnat qilayotgan ayollar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Bugungi kunda charm-poyabzal sanoatida 71 mingdan ortiq kishi band bo‘lib, ularning 40 foizga yaqinini ayollar tashkil etadi. Ular orasida tadbirkorlar, rahbarlar ayollar bor. 

Korxonalarda xotin-qizlar uchun qulay va xavfsiz mehnat sharoitlari yaratilib, mehnatiga munosib haq to‘lanmoqda. Bundan tashqari, homilador ayollar, voyaga etmagan bolalari bor ayollar va boshqa toifalar uchun qo‘shimcha imkoniyat va imtiyozlar yaratilmoqda. Xususan, voyaga etmagan bolali ayollar uchun ish kunini qisqartirish, qo‘shimcha ta’til olish huquqi, ayollarni og‘ir va zararli mehnatga jalb qilmaslik borsaida sharoitlar yaratilgan.

Ayni paytda Uyushma markaziy apparatida 50 nafar xodim mehnat qilmoqda. Ulardan 20 nafari xotin-qizlar, 4 nafari bo‘lim boshlig`i lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Ayollarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlar davom ettiriladi. Oila va xotin-qizlar masalalari qo‘mitasi hamda “O`zcharmsanoat” uyushmasining Dizayn markazi bilan hamkorlikda “Ayollarni kasbga o‘rgatish” maxsus o‘quv dasturi tayyorlanmoqda. Hududlardagi ishsiz xotin-qizlar mahalliy charm-poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonalariga tikuvchi va dizayner lavozimlariga o‘qitiladi.

 

Uzcharmsanoat