Xitoy investorlari Oʼzbekistonda sunniy charm ishlab chiqarishga qiziqish bildirmoqda

17.10.2023

Xitoy investorlari Oʼzbekistonda sunniy charm ishlab chiqarishga qiziqish bildirmoqda

“Oʼzcharmsanoat” uyushmasida “UzCharmExpo-Eurasia-2023” XV charm, poyabzal, attorlik, moʼyna, jun va mahalliylashtirilgan mahsulotlar xalqaro koʼrgazmasi doirasida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev Xitoy Xalq Respublikasining Dongguan savdoni rivojlantirish uyushmasi aʼzolaridan iborat delegatsiya bilan uchrashdi. Muloqot mavzusi Oʼzbekiston va Dongguan shahri oʼrtasida charm-poyabzal sohasida savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini kengaytirish, qoʼshma korxonalar ochish va koʼrgazmalar faoliyatida tajriba almashish masalalari boʼldi.

Uchrashuv avvalida Xitoy delegatsiyasiga mamlakatimiz charm sanoatining ishlab chiqarish, investitsiya, eksport salohiyati haqida taqdimot oʼtkazildi. Xorijiy brendlarni jalb etish borasida olib borilayotgan ishlar toʼgʼrisida maʼlumot berildi

Dongguan savdoni rivojlantirish uyushmasiga aʼzo 10 dan ortiq kompaniyalar “UzCharmExpo-Eurasia-2023” xalqaro koʼrgazmasi doirasida mahalliy tadbirkorlar bilan B2B muloqotlar oʼtkazadi. Unda mamlakatimizda sunniy charm ishlab chiqarishga qaratilgan sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish, attorlik buyumlarini “Аutsorsing” asosida Oʼzbekistonda ishlab chiqarish, charmsanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda zarur boʼladigan kimyoviy moddalarni yekazib berish borasidagi masalalar atroflicha koʼrib chiqiladi.

Uchrashuvda “Dongguan Shenfeng New Material” hamda “Guandong Shenfeng Eco Technology” kompaniyalari rahbarlari Oʼzbekistonlik tadbirkorlar bilan sunniy charm ishlab chiqarish boʼyicha investitsion loyihani amalga oshirishga qiziqish bildi. Kompaniya rahbarlarining fikriga koʼra bugungi kunda Oʼzbekistonda bu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishga talab yuqori. Qulay logistika va atrofdagi yirik bozor esa mahsulotlar eksportini yanada kengatirishga xizmat qiladi.

Hamkorlikni kengaytirish borasidagi dastlabki kelishuvlarga “UzCharmExpo-Eurasia-2023” XV charm, poyabzal, attorlik, moʼyna, jun va mahalliylashtirilgan mahsulotlar xalqaro koʼrgazmasi doirasidagi muzokaralarda erishilishi belgilab olindi.

Uzcharmsanoat