Qirgʼizistonda charm-poyabzal va moʼyna mahsulotlari savdosini yoʼlga qoʼyish boʼyicha 8 ta savdo uyi ochiladi

26.01.2023

Qirgʼizistonda charm-poyabzal va moʼyna mahsulotlari savdosini yoʼlga qoʼyish boʼyicha 8 ta savdo uyi ochiladi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Qirgʼiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan 26-27 yanvar kunlari mazkur mamlakatga davlat tashrifini amalga oshirmoqda. Oliy darajadagi uchrashuvlardan oldin ikki davlat ishbilarmon doiralari vakilari ishtirokida Oʼzbekiston-Qirgʼiziston biznes-forumi boʼlib oʼtdi. Unda mamlakatimiz vazirlik va idoralari delagetsiyasi tarkibida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati ham Qirgʼiziston kompaniyalari va investorlari bilan ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, investitsiya, eksport, oʼzaro savdoni yanada oshirish yoʼnalishlarida muzokarlar oʼtkazdi.

Qayd etish kerak, 2022 yilda mamlakatimizdan Qirgʼiz Respublikasiga 35,2 mln dollarlik tayyor charm, poyabzal, moʼyna va qorakoʼl mahsulotlari, charm-attorlik buyumlari va boshqa butlovchi mahsulotlar eksport qilingan. Biznes-forum doirasida 23 ta yangi eksport shartnomalari va 5,5 mln dollarlik qoʼshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʼyicha kelishuvlarga erishildi.

2023 yilda soha korxonalari tomonidan Qirgʼiz Respublikasiga eksportni 52 mln dollarga yetkazilishi kutilmoqda. Shuningdek, 2023-2024 yillarda Qirgʼizistonda terini qayta ishlash, ortopedik poyabzallar ishlab chiqarish, zamonaviy avtomatlashtirilgan kushxonalar uchun asbob-uskunalar ishlab chiqarishga qaratilgan umumiy qiymati 5,5 mln dollar boʼlgan investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Shuningdek, mazkur mamlakatda mahalliy tadbirkorlarimiz tomonidan ishlab chiqarilgan charm-poyabzal va moʼyna mahsulotlari savdosini yoʼlga qoʼyish boʼyicha 8 ta savdo uyi ochiladi.

Bishkekda boʼlib oʼtgan biznes-forum doirasida Uyushma rahbariyati mamlakatimiz charm-poyabzal va moʼyna sanoatining bugungi holati, istiqboldagi rejalar, qirgʼizistonlik tadbirkorlar bilan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari va eksport amaliyotlari toʼgʼrisida Qirgʼiz tomoniga atroflicha maʼlumot taqdim etdi. Shuningdek, xorijiy investorlarga yaratilgan sharoit, soliq, bojxona imtiyozlari, yangi tashkil etilayotgan KSZlari haqida axborot berildi.

Biznes-forum doirasida Uyushma rahbariyati qirgʼizistonlik investorlar bilan muloqotlar oʼtkazdi. Xususan, “OrtoMaster” kompaniyasi rahbari bilan boʼlib oʼtgan muloqotda Oʼzbekistonda ortopedik poyabzallar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonani ochish boʼyicha muzokara oʼtkazildi. Muloqotda Qirgʼiz kompaniyasi mamlakatimizda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhitini yuqori baholab, mazkur yoʼnalishda hamkorlikka tayyor ekanligini maʼlum qildi.

Prezident tashrifi diorasida uyushma delegatsiyasi mahalliy korxonalar va savdo nuqtalariga tashrif buyurib, soha mutaxasislari bilan muloqotlar oʼtkazmoqda. Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish boʼyicha muzokaralar olib borilmoqda.

Uzcharmsanoat