UZCHARMEXPO-2022 CHARM, POYABZAL, ATTORLIK, JUN VA MO'YNA 12-XALQARO KO'RGAZMA-YARMARKASI: POST-RELIZ

07.06.2022

UZCHARMEXPO-2022 CHARM, POYABZAL, ATTORLIK, JUN VA MO'YNA 12-XALQARO KO'RGAZMA-YARMARKASI: POST-RELIZ

Dunyoning 30 ga yaqin mamlakatidan 70 dan ortiq xorijiy kompaniyalar va tashkilotlar, 100 ga yaqin mahalliy korxonalarning 4 000 dan ortiq turdagi mahsulotlari namoyish maydoni bo'lgan “UzSharmExpo-2022” 12-xalqaro ko'rgazma-yarmarkasi joriy yilning 25-27 may kunlari Toshkentda bo'lib o'tdi.

Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, “O'zcharmsanoat” uyushmasi hamkorligida bo'lib o'tgan mazkur xalqaro tadbirda mamlakatimiz korxonalarining charm, poyabzal, mo'ynachilik mahsulotlari, xom ashyo va materiallar namunalari xorijlik hamkorlar e'tiboriga taqdim etildi. 


Mazkur xalqaro ko'rgazmada bir qator xalqaro uyushmalar, xususan, Xalqaro terichilar uyushmasi (ICT), Rossiya mo'ynachilar uyushmasi, Rossiya terichilar va poyabzalchilar uyushmasi, Rossiya milliy poyabzalchilar uyushmasi, “Ruspushnina” xalqaro mo'yna auksioni, jumladan, Belarus, Hindiston, Eron, Qirg'iziston kabi bir qator xorijiy davlatlarning O'zbekistondagi elchixonalari mas'ul vakillari ishtirok etdi.


Shuningdek, ko'rgazmada 30 ga yaqin xorijiy mamlakatlarning charm-poyabzal va mo'ynachilik sohalarida faoliyat ko'rsatuvchi 70 dan ortiq yirik ishlab chiqaruvchilari va kompaniyalari rahbarlari va vakillari qo'shma investisiya loyihalari va eksport kelishuvlari maqsadida bevosita ishtirok etishdi.


Ko'rgazma doirasida jahon andozalariga mos keladigan mahalliy charm-poyabzal va charm-attorlik mahsulotlarining yangi turlari, zamonaviy texnologik asbob-uskunalar, chet el kompaniya va firmalarining poyabzal va teri sohasida erishgan yutuqlari yuzasidan ko'rgazmali seminarlar, biznes-forum, trening, master-klass, davra suhbatlari, taqdimotlar tashkil etildi.


Shuningdek, ishtirokchi korxonalar uchun sohadagi oxirgi rivojlanish tendensiyalari, so'nggi trendlar, texnologiyalar, mahsulot brendi, sifat sertifikatlari, marketingdagi yangiliklarni qamrab olgan o'nlab mavzularda seminar treninglar hamda turli mavzulardagi mahorat darslari, shu bilan birga, Toshkent to'qimachilik va yengil sanoat institutining dizaynerlik yo'nalishida ish olib borayotgan talabalari tomonidan poyabzal va liboslar hamda charm-attorlik mahsulotlari yangi modellari bo'yicha podium bo'lib o'tdi.


Xususan, Fransiyaning “Mephisto” kompaniyasi tomonidan “Brend tarixi” nomli, Portugaliyaning “Mind Technology” kompaniyasi tomonidan “Mind Cad” dasturiy ta'minoti to'g'risida, Rossiyaning “Neoxim” kompaniyasi tomonidan charm va mo'yna sanoati uchun kerakli bo'lgan maxsus kimyoviy moddalar haqida taqdimotlar o'tkazildi, shuningdek, Toshkent to'qimachilik va yengil sanoat instituti mutaxassislari tomonidan poyabzallarni konstruksiyalash bo'yicha master-klass va boshqa turli mavzularda ilmiy-amaliy ishlanma materiallar korxonalar diqqatiga havola etildi.


Xorijiy mehmonlarni O'zbekistonning investisiyaviy muhiti va yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Samarqand, Buxoro, Sirdaryo, Toshkent, Namangan, Andijon, Farg'ona viloyatlari va Toshkent shahridagi soha korxonalari bo'ylab biznes-turlar hamda mamlakatimizning turistik salohiyati, boy tariximiz va milliy madaniyatimiz bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Samarqand shahriga sayohat tashkil etildi.

Mazkur ko'rgazma-yarmarka doirasida charm-poyabzal, charm-attorlik, mo'yna, qorako'l va jundan ishlangan tayyor mahsulot va buyumlar ishlab chiqarish sohalari rivojlangan Italiya, Turkiya, Angliya, Fransiya, Rossiya, Belarus, Xitoy, Hindiston kabi mamlakatlarning uyushmalari, elchixonalari,  kompaniyalari vakillari hamda yirik ishbilarmon doiralari bilan B2B, B2G, G2G uchrashuvlar o'tkazildi.


O'tkazilgan muzokaralar natijasida qariyb 50 mln. AQSH dollariga teng eksport bitimlariga va 35 mln. AQSH dollari miqdoridagi dastlabki investisiya kelishuvlariga erishildi.

Jumladan, Rossiya Federasiyasidagi “Parijskaya Kommuna”, “Yaxting”, “Bars”, “Myagkoe Zoloto”, “Foma”, “Zebra”, “Avanti”,“Karavan-M”, Germaniyadagi “Tutelo”, Fransiyadagi “Mephisto”, Italiyadagi “Tecon”, Hindistondagi “Penza Exports”, “Shine Leather Finishers”, “Homera tanning”, Erondagi “Sepehr Industrial Group”, Belarusdagi “Furnitura”, “Galanteya”, “Minskiy kojevenniy zavod” kompaniyalari, shuningdek, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Ozarbayjonning bir qator kompaniyalari va tadbirkorlari, yirik savdo tarmoqlari bilan kelishuvlarga erishildi.


Maqsadlar va natijalar birlashadigan manzil “Uzcharmexpo-2022” xalqaro ko'rgazma-yarmarkasi mahalliy korxonalarimiz uchun jahon bozoriga chiqishda keng imkoniyatlar va respublikamizning investisiyaviy salohiyatini oshirish uchun biznes-platformaga aylandi.


“O'zcharmsanoat” uyushmasi 2022 yilning 12-14 oktabr kunlari O'zbekistonda tashkil etiladigan “UzCharmExpo-2022” 13-Xalqaro charm, poyabzal, attorlik, mo'yna va jun mahsulotlari ko'rgazma-yarmarkasida barchangizni shunday ruhda kutib qoladi!
 

Uzcharmsanoat