“O‘zcharmsanoat” uyushmasida Yevropaning “ACIR Southern Europe” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot mavzusi – O‘zbekistonning vakolatxonasini Janubiy Yevropada, jumladan Milan, Madrid va Lissabonda ochish.
Qayd etish joizki, Yevropaning ushbu kompaniyasi rahbariyati bilan bu birinchi uchrashuv emas, ya’ni o‘zaro hamkorlikda O‘zbekistonni Yevropa qit’asida namoyish etish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilgan. Aslida “ACIR Southern Europe”ning asosiy missiyasi shundan iborat. Ushbu xalqaro biznes-platforma Markaziy Osiyo va Janubiy Yevropa mamlakatlari ishbilarmonlik birlashmalari va tarmoq uyushmalarining oʻzaro aloqasi va hamkorligini yoʻlga qoʻyich uchun moʻljallangan boʻlib, ushbu mamlakatlar bo‘yicha loyihalarni kiritish, ilgari surish va amalga oshirish bosqichigacha yetkazish uchun “yagona darcha” hisoblanadi.
“ACIR Southern Europe” tomonidan taqdim etiladiga imkoniyatlat haqida to‘xtalib o‘tar ekan, “Janubiy Yevropada o‘z “uyingiz” bor”, – deb qayd etdi kompaniya rahbari Eduard Gulyan. Bugungi kunda mazkur kompaniya O‘zbekiston tarafining rasmiy vakolatxonasi vazifasini o‘tashi asnosida mamlakatimiz vakillari Yevropa bozorlariga kirib borishi uchun imkoniyat yo‘laklarini ochadi.
Yig‘ilishda ACIR vakillari “O‘zcharmsanoat” uyushmasi va unga a’zo korxonalarni 2023-yil 6-10-fevral kunlarida Madrid shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo eksport salohiyatining ko‘rgazmasi – “IMEX-Impulso Exterior”da ishtirok etishga taklif qildi. Ushbu ko‘rgazma haqida gapirar ekan, tadbir tashkilotchilari bo‘lmish mehmonlar ushbu tadbir voqeligi o‘z turkumi bo‘yicha Janubiy Yevropadagi eng yirigi bo‘lgani holda Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha tarmoqlararo hamkorlik salohiyatini ochib berishini ta’kidlab o‘tdilar.
Ushbu uchrashuv GSP+ preferensiyalar tizimi doirasida yanada samaraliroq faoliyat olib borish va Yevropa mamlakatlariga eksport hajmini kengaytirish borasida charm-poyabzal tarmog‘i korxonalari uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi.
Uzcharmsanoat