O‘zbekiston–Afg‘oniston biznes muloqoti: 700 ming dollarlik eksport kelishuvlari

23.09.2026

O‘zbekiston–Afg‘oniston biznes muloqoti: 700 ming dollarlik eksport kelishuvlari

O‘zbekiston charm va poyabzal mahsulotlari uchun Afg‘oniston bozorida yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Termizda ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi muzokaralar natijasida qariyb 700 ming AQSh dollari qiymatida eksport kelishuvlari va dastlabki shartnomalarga erishildi.

Muzokaralar 15–17 sentyabr kunlari “Airitom Free Zone” hududidagi “Termiz xalqaro savdo markazi”da o‘tkazilgan “O‘zbekiston–Afg‘oniston yengil sanoat mahsulotlari” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida tashkil etildi. Unda STEP BY STEP, RAVON TARAQQIYOT ORZUSI, UZSHOES, DENOV RAVNOQ KAMOLI va boshqa 10 dan ortiq mahalliy korxona mahsulotlarini taqdim etdi.

Afg‘onistonlik xaridorlar bilan uchrashuvlarda poyabzal, charm-attorlik va boshqa charm mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha takliflar muhokama qilinib, buyurtmalar hajmi, mahsulot turlari va logistika masalalari kelishib olindi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi xaridorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes aloqalari shakllandi.

E’tibor endi kelishuvlarni amaliy eksportga aylantirishga qaratilgan. Korxonalar afg‘onistonlik hamkorlar bilan buyurtmalarni aniqlashtirish va yangi shartnomalar tuzish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda.

Termizdagi uch kunlik muloqot o‘zbek charm va poyabzal mahsulotlarining qo‘shni bozordagi ishtirokini kengaytirish yo‘lidagi navbatdagi amaliy qadam bo‘ldi.

Uzcharmsanoat