AYMOD 2026: Xalqaro hamkorlik va yangi eksport imkoniyatlari

16.10.2026

AYMOD 2026: Xalqaro hamkorlik va yangi eksport imkoniyatlari

2026-yil 7–10-oktabr kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan “AYMOD 2026” xalqaro ko‘rgazmasida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi hamda O‘zbekiston charm-poyabzal sanoati vakillari faol ishtirok etdi.

4 kun davom etgan ko‘rgazma doirasida O‘zbekistondan 20 ga yaqin tadbirkor Istanbulga tashrif buyurdi. 10 ga yaqin mahalliy kompaniya o‘z stendlari orqali mahsulotlarini xalqaro bozorda namoyish etdi.

Ko‘rgazma davomida 30 dan ortiq davlatdan tashrif buyurgan biznes vakillari, jumladan, TASD, TASEV, LAYKI Shoes, WARBOOTS, BOOTNOWA, Cevahir Leather, Kurruk Taban, Gençyıl Ayakkabı, Atasay va Beymen kabi yirik kompaniya va tashkilotlar bilan B2B va G2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etildi.

Muzokaralarda eksport hajmini oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish hamda mahalliy mahsulotlarni xalqaro savdo tarmoqlariga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.

Natijada, sanoat kooperatsiyasi, texnologiyalar almashinuvi va eksport yo‘nalishlarida qator istiqbolli kelishuvlarga erishildi.

Uzcharmsanoat