“Oʼzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasining XXRga amalga oshirgan ishchi tashrifining navbatdagi kunida Xitoy xalqaro savdoni rivojlantirish kengashining Jinjiang shahar kengashi (CCPIT) rahbariyati bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi. Muloqot mavzusi Xitoy charm-poyabzal korxonalarini Oʼzbekistonga keng jalb etish masalasi boʼldi.
Uchrashuv avvalida kengash vakillariga mamlakatimiz charm sanoati sohasida amalga oshirilgan islohotlar, qonunchlik bazasi, ishlab chiqarish, investitsiya, eksport salohiyati toʼgʼrisida batafsil maʼlumot taqdim etildi. Shuningdek, xorijiy investorga yaratib berilayotgan imkoniyatlar, imtiyozlar va preferensiyalar boʼyicha taqdimot oʼtkazildi. Mahalliy korxonalarimiz mahsulotlari naʼmunalari taqdim etildi.
Uchrashuvda CCPIT Jinjiang shahar kengashi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini maʼlum qilib, bu borada amaliy koʼmakka tayyorligini bildirdi. Hususan, Xitoy brendlarining ishlab chiqarishining bir qismini Oʼzbekistonga koʼchirish boʼyicha aniq takliflar bildirildi.
Shuningdek, muzokaralar chogʼida mahalliy korxonalarimiz joriy yilning aprel oyida Jinjiangda boʼlib oʼtadigan xalqaro charm-poyabzal koʼrgazmasiga taklif etildi. CCPIT Jinjiang shahar kengashi shu maqsadda Oʼzbekiston paviloni uchun bepul yer ajratishini maʼlum qildi. 2024 yilning mayida esa Xitoyning yirik brendlari rahbarlaridan iborat delegatsiyaning Oʼzbekistonga tashrifini amalga oshirish boʼyicha ham kelishuvga erishildi. Ushbu tashrif chogʼida ikki davlat oʼrtasida hamkorlikni kengaytirish bilan bogʼliq memorandum va kelishuv shartnomalari imzolanishi kutilmoqda.
Uzcharmsanoat