Oʼzbekiston-Xitoy: Charmsanoat sohasida istiqbolliy loyihalar muhokama etilmoqda

18.01.2024

Oʼzbekiston-Xitoy: Charmsanoat sohasida istiqbolliy loyihalar muhokama etilmoqda

 “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi ayni kunlarda XXRning qator sanoatlashgan provinsiyalariga ishchi tashrifni amalga oshirmoqda. Charm-poyabzal va moʼynachilik sohalarida ikki davlat oʼrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va eksport-import masalalarida istiqboldagi rejalarni amalga oshirish boʼyicha muzokaralar olib borilmoqda.

 Hususan, Uyushma delegatsiyasi chin yurtining Venchjou provinsiyasida boʼlib, Venchjou poyabzal uskunalari savdo palatasi rahbariyati va unga aʼzo korxonalar vakillari bilan uchrashdi. Muloqot mavzusi Oʼzbekiston korxonalarini modernizatsiya qilish va Xitoy brendlarini mamalakatimizga jalb etish masalasi boʼldi.

Dastlab, Xitoy tomoniga mamlakatimizda soʼngi yillarda charmsanoat sohasida amalga oshirilgan islohotlar, ishlab chiqarish, investitsiya, eksport salohiyati toʼgʼrisida taqdimot oʼtkazildi. Shuningdek, xorijiy investorlarga yaratib berilgan sharoit va imkoniyatlar, soliq, bojxona imtiyozlari, preferensiyalar hususida maʼlumotlar taqdim etildi.

Uchrashuvda Venchjou poyabzal uskunalari savdo palatasi tomonidan xozirda Xitoyning yirik poybazal brendlari tomonidan Oʼzbekistonga qiziqish ortib borayotgani, yirik kompaniyalar ishlab chiqarishning bir qismini mamlakatimizga koʼchirishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

Muloqot yakunida ikki davlat charm-poyabzal korxonalari oʼrtasida biznes-turlar tashkil etish, xalqaro forumlar oʼtkazishga kelishib olindi. Joriy yilning mart oyida Xitoyning yirik kompaniyalaridan iborat delegatsiya Oʼzbekistonga tashrif buyurib, mahalliy korxonalarimiz bilan hamkorlikni yoʼlga qoʼyish boʼyicha muzokaralar oʼtkazadigan boʼldi.

 

Uzcharmsanoat