Xitoyning “Sagta” kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirishdan manfaatdor

17.01.2024

Xitoyning “Sagta” kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirishdan manfaatdor

“Oʼzcharmsanoat” uyushmasida “SAGTA Engineering” kompaniyasi bosh direktori Van Chje bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi. Muloqot mavzusi Uyushmaning XXRda vakolatxonasi ochish, charm-poyabzal sanoatida Oʼzbekiston-Xitoy munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish masalasi boʼldi.

​Maʼlumot uchun, “SAGTA Engineering” yengil va ogʼir sanoat uchun texnologiyalar va innovatsion yechimlarni ishlab chiqaruvchi yirik kompaniya hisoblanadi. Kompaniyaning loyihalaridan biri “Shine Project” boʼlib, u turli mamlakatlar kompaniyalari, shuningdek, ishlab chiqarish va ilm-fan hamda innovatsiyalar oʼrtasida koʼprik boʼlib xizmat qilish uchun moʼljallangan.

 “Sagta” butun dunyo boʼylab katta mijozlar bazasiga egadir. Аyniqsa АQSh, Braziliya, Аvstraliya va Аfrika qitʼasida oʼz xizmatlari va yechimlarini keng miqyosda namoyon qilib kelmoqda. Kompaniya endilikda Oʼzbekistonga alohida eʼtibor qaratib, Markaziy Osiyo mintaqasida oʼz biznesini kengaytirishni maqsad qilgan. Xorijlik mehmon taʼkidlaganidek, mamlakatimizda barqaror siyosiy vaziyat hukm surmoqda. Iqtisodiyot jadal surʼatlar bilan rivojlanmoqda. Biznes uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Bundan tashqari, Oʼzbekiston tashabbus va innovatsiyalarga ochiq mamlakat sifatida xorijiy kompaniyalarda qiziqishni oshirmoqda.

Uchrashuvda tomonlar uchta muhim yoʼnalishda hamkorlikni yoʼlga qoʼyishni koʼrib chiqdilar. Birinchi yoʼnalish- “Oʼzcharmsanoat” uyushmasining Xitoyda vakolatxonasini tashkil etishni oʼz ichiga oladi. Uning vazifasi eksport va investitsiya operatsiyalarini kengaytirishdan iborat boʼladi.

Ikkinchi yoʼnalish – Xitoyning yirik brendlarini Oʼzbekistonga jalb qilish va sarmoyaviy hamkorlikni yoʼlga qoʼyishga qaratilgan.

Uchinchi yoʼnalish – charm-poyabzal mahsulotlarini Xitoyning yirik importchilari bilan aloqa oʼrnatish orqali Oʼzbekistondan Xitoyga tayyor mahsulot eksportini oshirishga koʼmaklashishni oʼz ichiga oladi.

XXRdan kelgan mehmon hamkorlikning barcha uch yoʼnalishi boʼyicha batafsil oʼrganishlar olib borishini va mart oyida tayyor takliflar paketi bilan Uyushmaga tashrif buyurishini taʼkidladi.

Uzcharmsanoat