“Oʼzcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev XXRning “HL Technology” kompaniyasi vakillari bilan muloqot oʼtkazdi. Uchrashuvning asosiy mavzusi mamlakatimizda charmsanoat, qurilish, mebelsozlik va avtomobilsozlik sanoati uchun zarur boʼlgan yelim xom ashyosini ishlab chiqarish boʼyicha investitsiya loyihasini amalga oshirish masalasi boʼldi.
Uchrashuv avvalida Xitoy kompaniyasiga mamlakatimiz sanoat tarmoqlarida xususan, charmsanoat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ishlab chiqarish, investitsiya, eksport salohiyati toʼgʼrisida maʼlumot berildi. Shuningdek, milliy sanoatimizga sarmoya kiritish maqsadida boʼlgan xorijiy investorlarga davlat tomonidan yaratilgan sharoit va berilayotgan imkoniyatlar, preferensiyalar, soliq, bojhona imtiyozlari toʼgʼrisida taqdimot oʼtkazildi.
Maʼlumot uchun: “HL Technology” kompaniyasi Xitoyning Isin shahrida joylashgan. Аsosan, yelim, akupunktur yopishtiruvchi paxta, toʼqilmagan mato, sunʼiy moʼyna, kimyoviy moddalar ishlab chiqarish bilan shugʼullanadi. Kompaniya ilmiy tadqiqotlar markazi, ishlab chiqarish va sotuv tarmoqlarini oʼz ichiga qamrab olgan. Yillik ishlab chiqarish quvvati 10000 tonnani tashkil etadi. Oʼzbekistonda Fargʼona, Samarqand viloyatlaridagi korxonalar bilan yaqin hamkorlik aloqlarini yoʼlga qoʼygan.
Muloqotda kompaniya menejeri Jun Shao Oʼzbekistonda soʼngi yillarda ishlab chiqarish salohiyatining ortayotgani, xalqaro bozorda mamlakatimiz mahsulotlariga talabni yuqoriligi, hukumat tomonidan koʼrsatilayotgan amaliy koʼmak Xitoylik investorlarni mamlakatimizga sarmoya kiritishga qiziqishini oshirayotganini takidladi.
“Oʼrganishlarim va taxlillarim natijasida Oʼzbekiston Markaziy Osiyoda sanoatning rivojlanish darajasi boʼyicha yetakchilik qilib kelayotganiga amin boʼldim. Xorijiy sarmoyalarni oʼzlashtirishda mamlakatingiz hukumati aniq strategiya asosida ish olib bormoqda. Xom ashyoni mahalliylashtirish borasida charmsanoat korxonalarining izlanuvchanligi tarmoqning istiqboli yuksakligini koʼrsatmoqda. Men shu sabab bu yerdaman. Ishonchli va rivojlanishdan ortda qolmaydigan davlatga sarmoya kiritish niyatidaman”. Muloqotda kompaniya menejeri Jun Shao Oʼzbekiston charmsanoati haqidagi fikrlarini shunday bayon qildi.
Muzokarlarda “HL Technology” kompaniyasi Oʼzbekistonda sanoat tarmoqlari uchun zarur boʼlgan yelim va formalin xom ashyosini ishlab chiqarish boʼyicha yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish tashabbusini bildirdi. Loyihaning dastlabki qiymati 10 mln. dollarni tashkil etadi.
Qayd etish kerak, 2023 yilda Oʼzbekiston sanoat korxonalari umumiy miqdorda 31 mln. dollarlik yelim xom ashyosini xorijdan import qilgan. Ushbu loyihaning hayotga samarali amalga oshirilishi natijasida kamida 50 foiz ichki bozor talabi qoplanishiga erishiladi.
Muloqotda investorga sarmoyaviy loyihani amalga oshirish bilan bogʼlik amaliy va tashkil jarayonlar haqida toʼliq maʼlumot taqdim etildi. Yangi invest loyihani amalga oshirish boʼyicha kelishuv XXRda imzolanishiga kelishib olindi.
Uzcharmsanoat