Olma-Ota shahrida boʼlib oʼtayotgan “EliteLine” hamda “CAF” xalqaro koʼrgazmalarida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo korxonalar samarali ishtirokini davom ettirmoqda. Xalqaro anjumanlarning navbatdagi kunida mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari Germaniya, Rossiya, Turkiya, Qirgʼiziston kompaniyalari va investorlari bilan muloqotlarga kirishdi. Oʼzaro hamkorlikni rivojlantirish boʼyicha dastlabki kelishuvlarga erishdi.
Xususan, “Ulkan-Laziz” MChJ hamda Germaniyalik investor bilan boʼlib oʼtgan muzokaralar yakuni bilan xorijiy sarmoyador Oʼzbekiston sanoatiga 100 mln. yevro mablagʼ yoʼnaltirishini maʼlum qildi. Ushbu mablagʼ yevaziga Oʼzbekistonda charmni qayta ishlash, poyabzal ishlab chiqarish boʼyicha yangi korxonalar ishga tushiriladi. Shuningdek, tekstilь, qurilish sanoatida ham yangi loyihalar amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Germaniyalik investor kelgusi haftada Oʼzbekistonga tashrif buyurib mamlakatimizdagi biznes muhiti hamda ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishadi. “Oʼzcharmsanoat” uyushmasida qoʼshma loyihalarni amalga oshirish boʼyicha dastlabki kelishuvlarni imzolash rejalashtirilgan.
Shuningdek, koʼrgazmada Rossiyaning yirik savdo tarmoqlari respublikamizda tayyorlangan mavsumiy poyabzallarga ham qiziqish bildirdi. Jumladan, “Sharq Ravon” MChJ va Rossiyaning yirik savdo tarmogʼi oʼrtasida oʼtkazilgan muzokaralarda mavsumiy poyabzallarni Rossiya bozoriga yetkazib berish yuzasidan dastlabki kelishuvga erishildi. Rossiya tomoni mamlakatimiz korxonasidan dastlabki bosqichda 20 ming juft mavsumiy poyabzallar xarid qilishni reja qilmoqda.
“Oʼzcharmsanoat” uyushmasi hamda Turkiyaning “KSAID” tashkiloti oʼrtasida boʼlib oʼtgan muloqotlarda esa, hamkorlikda qoʼshma loyihalarni amalga oshirish, koʼrgazmalar faoliyatida tajriba almashish hamda “UzCharmExpoEurAsia-2023” xalqaro koʼrgazmasida turk kompaniyalari ishtirokini taʼminlash boʼyicha fikr almashildi.
Uzcharmsanoat