"Oʼzcharmsanoat" uyushmasida Oʼzbekiston-Janubiy Koreya oʼrtasida koʼp tomonlama iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan uchrashuv boʼlib oʼtdi. Tadbirda "Oʼzcharmsanoat" uyushmasi rahbariyati, "Oʼzsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi, "Oʼzeltexsanoat" uyushmasi vakillari hamda ikki davlat korxona rahbarlari va yirik investorlar ishtirok etdi.
Uchrashuv dastlab, Janubiy Koreyalik salohiyatli investorlarga mamlakatimiz charm-poyabzal va moʼynachilik sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, investitsion muhit hamda xorijiy investorlarga yaratib berilgan sharoitlar haqida qisqacha maʼlumotlar berildi.
Ikki davlat tadbirkorlari o'rtasida tashkil etilgan B2B shaklidagi muloqotlar davomida "Oʼzcharmsanoat" uyushmasiga aʼzo "San+One" MChJ poyabzal ishlab chiqaruvchi korxona va "Incense Korea", "LG Luxury Beauty" kompaniyalari oʼrtasida Janubiy Koreyaga mahalliy ishlab chiqarilgan poyabzal mahsulotlarini eksport qilish boʼyicha kelishuvga erishildi. Mahsulot naʼmunalari xorijiy kompaniya rahbarlariga taqdim etildi. Shu yilning may oyida mahsulotlarning ilk eksporti amalga oshiriladi.
Janubiy Koreyaning "Building Materials Testing Research Institute Co., Ltd.", "Juil Co. Ltd." va "Simon Korea" hamda "Oʼzsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi oʼrtasida qurilish materiallari va geologiya sanoatida Janubiy Koreya kompaniyalarini mamlakatimizga jalb qilish boʼyicha muzokaralar olib borildi.
Аvvalo, xorijiy hamkorlar mahalliy ishlab chiqarish korxonalarida ishlab chiqarilgan qurilish materiallarini texnik sinovdan oʼtkazishda foydalaniladigan maxsus murakkab texnologiyalarni Janubiy Koreyadan Oʼzbekistonga olib kelish va keyinchalik ularni oʼzimizda ishlab chiqarishni tashkil etish boʼyicha taklif bildirishdi.
Bundan tashqari, "Simon Korea" kompaniyasi mamlakatimizda joylashgan tabiiy qazilma boyliklarini ishlab chiqarish hududlarida foydalanilmayotgan ruda va boshqa maʼdanlarni qayta ishlab ulardan oltin va boshqa zargarlikda foydalaniladigan qimmatbaho xomashyo materiallarini ishlab chiqarish boʼyicha oʼzlarining loyihalarini taqdim etdilar.
Shu bilan birga, yana bir loyiha Oʼzbekistonning "San+One" MChJ hamda LG Luxury Beauty" kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Hamkorlik parfyumeriya va kosmetika mahsulotlarini Janubiy Koreyadan Oʼzbekistonga eksport qilish va keyinchalik ularni asosiy qismini Janubiy Koreya investitsiyasi tashkil etadigan yirik ishlab chiqarish kompaniyasini mamlakatimizda tashkil etishga qaratilgan. Kompaniya birinchi navbatda Markaziy Osiyo davlatlari bozorlarini oʼrganish maqsadida, "LG Luxury Beauty" kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan parfyumeriya va kosmetika mahsulotlarini yetkazib berishning amaliy jihatlari muhokama qilib olindi.
"Oʼzeltexsanoat" uyushmasi vakillari hamda "Techone System Co., Ltd.", "Daeha Solutech Co., Ltd.", "Korea Electric Lighting" kompaniya rahbarlari oʼrtasida boʼlib oʼtgan muloqot davomida tomonlar naʼmunalar almashishdi. Shuningdek, dastlab Oʼzbekistonda ishlab chiqarilgan kabel mahsulotlarini Janubiy Koreyaga eksport qilish va keyinchalik zamonaviy chiroqlarni (led) ishlab chiqarishni mahalliy korxonalar bilan hamkorlikda mamlakatimizda yoʼlga qoʼyish boʼyicha muzokaralar olib borildi.
Uzcharmsanoat