TOSHKENTDA UCH QIT'ANI BIRLАSHTIRGAN CHАRM-POYАBZАL KOʼRGАZMАSI ISH BOSHLАDI

05.04.2023

TOSHKENTDA UCH QIT'ANI BIRLАSHTIRGAN CHАRM-POYАBZАL KOʼRGАZMАSI ISH BOSHLАDI

Poytaxtimizdagi “Oʼzekspomarkaz” MKMda “UzCharmExpo- ShoesStar-Eurasia- 2023” charm, poyabzal, attorlik, moʼyna, jun, qorakoʼl va mahalliylashtirilgan mahsulotlar 14-xalqaro koʼrgazma-yarmarkasi oʼz ishini boshladi. “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi hamda “ShoesStar” xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil yetilgan sanoat anjumani Markaziy Osiyodagi yeng yirik koʼrgazmalardan biri sanaladi. Forum Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi koʼmagida tashkil etildi.

UzCharmExpo-professionallar va tajriba, talab hamda taklif uchrashadigan nuqtadir! Yiliga ikki marta – bahor va kuzda oʼtkaziladigan koʼrgazma oʼzaro manfaatli hamkorlikni yoʼlga qoʼyish, hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, ishbilarmonlik partfelini yangi aloqalar bilan boyitishda samarali maydon sifatida namoyon boʼldi. Bu yilgi koʼrgazma oʼz ufqlarini yanada kengaytirdi. YevroOsiyo qitʼasining koʼplab mamlakatlarini qamrab oluvchi “ShoesStar” xalqaro koʼrgazmalar tashkilotchisi anjumanning asosiy hamkori sanaladi.

Bu galgi ekspozitsiya geografiyasidan Buyuk Britaniya, Ispaniya, Germaniya, Portugaliya, Misr, Turkiya, Vengriya, Polsha, Latviya, Xitoy, Janubiy Afrika va boshqa davlatlari oʼrin oldi. Аnjumanning faxriy mehmonlari orasida Xalqaro charm ishlab chiqaruvchilar kengashi, Xalqaro moʼyna federatsiyasi, Yevropa Ittifoqining charm va liboslar dizaynerlari milliy assotsiatsiyalari konfederatsiyasi (Cotance), charm, poyabzal va moʼyna mahsulotlarini ishlab chiqaruvichlari milliy uyushmalari, kengashlari bor. Shuningdek, bir qator mamlakatlarning moʼyna va poyabzal ishlab chiqaruvchilari koʼrgazma ishtirokchilaridir.

Navbatdagi 14-koʼrgazmada 1000 dan ortiq mahalliy va 100 ga yaqin xorijiy kompaniyalar oʼz stendlari bilan ishtirok yetadi. Bu yilgi koʼrgazmaga tashrif buyurish maqsadida 5000 ga yaqin mahalliy va xorijiy kompaniya vakillari va ishtirokchilar roʼyxatdan oʼtgan. Koʼrgazma nafaqat Oʼzbekistonning barcha hududlari va YevroOsiyo qitʼasining ishlab chiqarish salohiyati bilan tanishtiradi, balki soha mutaxassislari uchun jahon bozorida raqobatbardosh sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishning zamonaviy tendensiyalari va yoʼnalishlari, texnologiyalari hamda imkoniyatlarini muhokama qilish, shuningdek, yangi investitsiyalarni jalb etish, innovatsion gʼoyalarni tadbiq etish, eksport salohiyatini oshirish uchun keng muloqot maydoniga aylanadi.

Shuningdek, koʼrgazma doirasida turli davlatlar, ayniqsa Yevropa mamlakatlariga bilan mahsulotlarni yetkazib berishni oshirish, xalqaro sifat sertifikatlarini joriy yetish va kadrlar tayyorlash, eksport shartnomalari, yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish, yoʼnalishlarida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

 

Uzcharmsanoat