“Oʼzcharmsanoat” uyushmasida XXRlik investor, “UYCHICHEMICALS” MChJ korxonasi direktori bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi. Xitoylik investor mamlakatimizda charmni qayta ishlashga ixtisoslashgan yangi invest loyihani amalga oshirishni rejalashtirgan. Uchrashuvdan koʼzlangan maqsad loyihani amalga oshirishning tashkiliy va amaliy jihatlarini atroflicha muhokama qilishdan iborat.
Oʼzbekistondagi qulay ishbilarmonlik muhiti, chet-ellik investorlarga yaratilgan sharoitlar va berilayotgan imtiyozlar xorij kompaniyalarini mamlakatimizga jalb qilmoqda. Bu oʼz navbatida charmsanoat tarmogʼiga toʼgʼridan-toʼgʼri xorijiy investitsiyalar oqimini kengaytirmoqda.
Muloqotda uyushma rahbariyati tomonidan investorga mamlakatimizda mahalliy va xorijiy kompaniyalar uchun qulay biznes muxitini yaratishga karatilgan keng koʼlamli isloxotlar siyosati, adolatli va past koʼrsatkichli soliq yuklarini joriy etilgani, bojxona va soliq tizimlarining hamkorlikda ro'yxatga olish boʼyicha yangi tizimning yaratilgani toʼgʼrisida batafsil maʼlumot berildi.
Xitoylik investor tomonidan amalga oshiriladigan yangi loyiha ishlab chiqarishning toʼliq zanjirini oʼz ichiga oladi. Charmni chuqur qayta ishlash uchun zarur xom ashyo ham shu yerning oʼzida tayyorlanadi. Loyihaning dastlabki summasi 8 mln. dollarni tashkil etadi. Yangi korxona Toshkent viloyatida amalga oshiriladi.
Muloqotda invest loyihani amalga oshirishning tashkiliy va amaliy jihatlari koʼrib chiqildi. Shuningdek, tayyor va yarim tayyor charm mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, eksportga yoʼnaltirishga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi. Hamkorlikning kelgusi istiqbollari belgilab olindi.
Uzcharmsanoat