INNOPROM-Markaziy Osiyo: Charm-poyabzal korxonalari 7 mln.dollarlik savdo shartnomalari imzolandi

27.04.2023

INNOPROM-Markaziy Osiyo: Charm-poyabzal korxonalari 7 mln.dollarlik savdo shartnomalari imzolandi

 Poytaxtimizda boʼlib oʼtgan “Innoprom-Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat koʼrgazmasida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo korxonalar oʼzining jamoaviy stendi bilan ishtirok etdi. Tayyor charm, poyabzal, moʼyna, qorakoʼl va mahalliylashtirilgan mahsulotlardan tashkil topgan ekspozitsiya Rossiya, Qozogʼiston, Belorus kabi davlatlar kompaniyalarida katta qiziqish uygʼotdi.

 Uch kunlik koʼrgazma doriasida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati va mahalliy korxonalarimiz qator muzokarlarni oʼtkazdi. Xususan, Rossiyaning “Техномет” kompaniyasi mamlakatimizdan erkaklar, bolalar va ayollar poyabzallarini xarid qilish boʼyicha hamkorlik tashabbusini bildirdi. Rossiya bozoriga yetkazib berishda distrbyuterlik vakolatini olish maqsadida boʼlgan kompaniya bilan eksport-import masalalarida fikr almashildi.

 Belorus Respublikasining “MEDBELROS” kompaniyasi Oʼzbekiston korxonalari bilan ortopedik poyabzallarni ishlab chiqarish boʼyicha yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish yuzasidan muzokara oʼtkazdi.

Janubiy Qozogʼiston viloyatining tadbirkorlik va innovatsion-infratuzilma boshqarmasi Oʼzbekistondan tayyor jun va moʼyna mahsulotlarini xarid qilishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, bugungi kunda Janubiy Qozogʼiston viloyatida jun xom ashyosi bazasi kengligi bois mazkur viloyatda Oʼzbekiston bilan hamkorlikda yangi qoʼshma korxonani ochish boʼyicha kelishuvga erishildi.

 Qozogʼiston yengilsanoat uyushmasi esa yurtimiz tadbirkorlaridan tayyor poyabzal mahsulotlarini sotib olishni rejalashtirmoqda. Bu borada qator oʼzbek korxonalari bilan muzokaralar boʼlib oʼtdi.

Uch kun davom etgan koʼrgazma doirasida 2023-2025 yillar davomida Oʼzbekistondan tayyor poyabzal, charm mahsulotlarini hamkorlarga yetkazib berish boʼyicha umumiy qiymati 7 mln.dollar boʼlgan savdo shartnomalari imzolandi. Bundan tashqari Rossiya kompaniyalari bilan 16,5 mln. dollarlik investitsiya bitimlari imzolandi. Umumiy summaning 13,5 mln. dollari Rossiya kapitalidir. Misol uchun, Rossiyaning “Технолюкс” kompaniyasi bilan Toshkent viloyatida yilliga 120 ming juft bolalar poyabzallarini ishlab chiqarish quvvatiga ega yangi korxona ishga tushiriladi. Shuningdek, Аndijon viloyatida Rossiyaning “Mosez INC” kompaniyasi bilan yiliga 50 ming juft poyabzal ustki qismlarini ishlab chiqaruvchi qoʼshma loyihani amalga oshirish belgilangan.

 Joriy yilgi xalqaro sanoat koʼrgazmasi ham manfaatli hamkorlik aloqalarini yoʼlga qoʼyish va eksport shartnomalarini imzolash uchun qulay biznes platforma boʼlib xizmat qildi.

Uzcharmsanoat