OʼZBEKISTON VА TАTАRISTON: CHАRM-POYАBZАL SOHАSIDА HАMKORLIKNING YANGI BOSQICHI

26.04.2023

OʼZBEKISTON VА TАTАRISTON: CHАRM-POYАBZАL SOHАSIDА HАMKORLIKNING YANGI BOSQICHI

 “Oʼzcharmsanoat” uyushmasida mamlakatimizda boʼlib oʼtayotgan “INNOPROM-Markaziy Osiyo” katta sanoat xaftaligi doirasida Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasi tarkibida yurtimizga kelgan Tatariston Respublikasi sanoat klasteri boshqaruvchi raisi Sergey Mayorov bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi.

Muloqotdan koʼzlangan maqsad Oʼzbekiston va Tatariston korxonlari oʼrtasida charmsanoat sohasida hamkorlikni yoʼlga qoʼyish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishdan iboratdir.

Maʼlumki, Tatariston sanoat klasteri Rossiyadagi eng yirik klaster sanladi. 2015 yildan boshlab oʼz faoliyatini boshlagan. Аsosiy vazifasi kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish orqali innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarib, jahon brendlari bilan raqobatlashishdir. Bugungi kunda ushbu klasterga 180 dan ortiq kompaniya aʼzo. 

Uchrashuv chogʼida Tatariston tomoni bugungi kunda tayyor charm va poyabzal mahsulotlariga Rossiya Federatsiyasida talab ortib borayotganini maʼlum qildi. Ichki ehtiyojni qoplashda esa Oʼzbekiston salohiyatidan foydalanish rejalashtirilgan. Shu sabab, Rossiya jumladan Tataristondagi yirik savdo tarmoqlarida mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilgan turli xildagi poyabzal, moʼyna mahsulotlari savdosini yoʼlga qoʼyish maqsad qilingan. 

Bu boradagi hamkorlikni tez fursatda xayotga joriy qilish maqsadida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi hamda Tatariston Respublikasi sanoat klasteri oʼrtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi. Ushbu hujjat bilan tomonlar oʼzaro savdo-sotiqni amalga oshiradi. Tatariston tomoni oʼzbek korxonalari uchun salohiyatli savdo tarmoqlarini topish va mamlakatimiz mahsulotlarini joylashtirish bilan shugʼulanadi. Oʼzbekiston tomoni esa Rossiya doʼkonlaridan tushgan buyurtmalarni qabul qilish va oʼz vaqtida yetkazib berishni zimmasiga oladi.

Shuningdek, ikki davlat kompaniyalari uchun biznes-turlarni tashkil etish boʼyicha kelishuvga erishildi. Kelgusida Tatariston kapitali asosida qoʼshma korxonalarni ishga tushirish borasidagi takliflar koʼrib chiqildi.

Uzcharmsanoat