Oʼzbekiston va Koreya hamkorlikning yangi davri

29.03.2023

Oʼzbekiston va Koreya hamkorlikning yangi davri

 “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi va unga aʼzo korxonalardan iborat delegatsiyaning Janubiy Koreyaga amalga oshirgan tashrifining navbatdagi kunida Koreyaning yirik kompaniyalari ishtirokida Oʼzbekiston-Koreya biznes muloqoti boʼlib oʼtdi.

 Muloqotda ikki davlat oʼrtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, qoʼshma loyihalarni amalga oshirish, eksport-import masalalarida oʼzaro manfaatli aloqalarni yoʼlga qoʼyish boʼyicha qator yoʼnalishlarda muzokaralar boʼlib oʼtdi.

Biznes muloqotda nafaqat charm-poyabzal va moʼynachilik sohalarida hamkorlikni yoʼlga qoʼyish va tayyor mahsulotlarni Koreya bozoriga olib kirish masalasi koʼrib chiqildi. Balki, zargarlik, tekstil, elektrotexnika, qurilish, parfyumeriya, farmatsevtika sohalaridagi hamkorlik istiqbollari ham koʼrib chiqildi.

Xususan, dunyoga mashhur LG kompaniyasi tarkibidagi “Ohui Bukmun” kosmetika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi kompaniya Toshkent shahrida joylashgan “San+One” kompaniyasi bilan Oʼzbekiston poytaxtida kores kosmetika mahsulotlarini ishlab chiqarish boʼyicha dastlabki kelishuvga erishdi. Kompaniya rahbari aprel oyida Toshkentga tashrif buyurib, loyihani amalga oshirish boʼyicha hamkorlik shartnomasini imzolashni rejalashtirmoqda.

Biznes muloqot soʼngida Koreya kompaniyalaridan iborat delegatsiya Oʼzbekistonga tashrif buyurib, har bir soha boʼyicha hamkorlikning kelgusi istiqbollarini belgilab olish yuzasidan qaror qabul qilindi.

 

Uzcharmsanoat