SAMOVIY IMPERIYADA JOYLASHGAN KOMPANIYA O'ZBEKISTON BILAN HAMKORLIK QILISHDAN MANFAATDOR

13.02.2023

SAMOVIY IMPERIYADA JOYLASHGAN KOMPANIYA O'ZBEKISTON BILAN HAMKORLIK QILISHDAN MANFAATDOR

"O'zcharmsanoat" uyushmasida XXRda faoliyat yuritadigan, charm-poyabzal sanoati uchun mashina va uskunalar ishlab chiqaruvchisi bo'lmish “GOLDEN LEAD MACHINERY Co ltd.” vakillari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. O'zbekistonning o'sib borayotgan va rivojlanayotgan charm-poyabzal sanoatini o'rganib chiqib, Xitoy kompaniyasi yangi loyihalarda o'z uskunalari bilan ishtirok etish istagini bildirdi.

 “Golden Leader Machinery Co. ltd.” Xitoyning Taychjou shahridan bo'lib, har xil turdagi og'ir sanoat tikuv mashinalari va poyabzal mashinalarini etkazib berishga ixtisoslashgan. Kompaniyaning mashinalari asosan sport, erkaklar va ayollar uchun charm va poliuretandan tayyorlanadigan turli xil poyabzallar, shuningdek, charm mebellar, avtomobil o'rindiqlari uchun qoplamalar va xavfsizlik yostiqchalari, gilamlar va charm-attorlik buyumlari: sumkalar, ryukzaklar, chamadonlar ishlab chiqarishga mo'ljallangan.

Kompaniyaning uskunalari Braziliya, Meksika, Kanada, Hindiston, Bangladesh, Pokiston va boshqa mamlakatlarning poyabzal va charm-attorlik korxonalari orasida talabga ega. Endi esa kompaniya O'zbekistondan hamkor izlamoqda.

Mehmonlarga mamlakatda biznes uchun yaratilgan sharoitlar, yangi fabrika va korxonalar soni o'sib borishi dinamikasi, jumladan, birgina o'tgan yilning o'zida tarmoqda 130 ta korxona ishga tushirilganligi haqida so'zlab berildi. Joriy yildagi va kelgusi istiqboldagi rejalar ham xuddi shunday dadil qadamlar bilan izchil davom ettilishi belgilab olinganligi O'zbekistonni ushbu Xitoy kompaniyasi uchun jozibador bo'lishi uchun omil sifatida xizmat qiladi.

Uchrashuv davomida “Golden Leader Machinery” o'z mahsulotlari taqdimotini o'tkazdi va o'z texnologiyalarini ilgari surish uchun O'zbekistonda distribyutorlik tarmog'ini ochish rejalari bilan o'rtoqlashdi. Shuningdek, kompaniya joriy yilning aprel oyida o'tkaziladigan “UzcharmExpo-ShoesStar-2023” xalqaro ko'rgazmasi doirasida o'z ishlab chiqarishi mahsuli bo'lmish mashinalarni mamlakatimiz charm-poyabzal sanoati uchun taqdim etish imkoniyatini ko'rib chiqmoqda.

 

Uzcharmsanoat