Mamlakatimiz charmsanoati yutuqlari Bokuda namoyish etilmoqda

24.11.2023

Mamlakatimiz charmsanoati yutuqlari Bokuda namoyish etilmoqda

Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida joriy yilning 21-25 noyabr kunlari BMT markaziy Osiyo iqtisodiyoti boʼyicha maxsus dasturi (SPEKА) haftaligi doirasida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev mazkur davlatning qator yirik kompaniyalari rahbarlari, charm-poyabzal ishlab chiqaruvchilari va investorlar bilan manfaatli muloqot va muzokarlar oʼtkazmoqda.

Jumladan, “The Prime Group”, “CleanBox”, “Hellmann”, “Novartis”, “BSC Consulting & Outsourcing”, “Trend News Agency”, “Debet Safety”, “Sport Tech”, “Kristina”, “Mario Muzi”, “Melek Şuba” va boshqa 20 ga yaqin xorijiy kompaniya rahbarlari bilan muloqot olib borilib, mamlakatimiz charm-poyabzal va moʼynachilik sohalaridagi islohotlar, soʼngi iqtisodiy koʼrsatkichlar, erishilayotgan ijobiy natijalar, investitsion muhit, mahalliy va xorijiy investorlarga berilayotgan imtiyoz va preferentsiyalar haqida batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.Uyushma raisi Ozarbayjonning “Green Stream” kompaniyasi rahbari bilan muzokara oʼtkazdi. Unda mamlakatimiz charm-poyabzal va toʼqimachilik mahsulotlarini namoyish etuvchi “Show-room” ochish masalasi muhokama etildi. Mazkur kompaniya bilan qoʼshma loyihalarni amalga oshirish, korxonalarga moliyaviy va texnik koʼmak koʼrsatish boʼyicha takliflar bildirildi.

Maʼlumot uchun: “Green Stream” distribyuterlik kompaniyasi sanaladi. Kompaniyaning Ozarbayjonda 3 ta avtosaloni, “Rahat” nomli 124 ta savdo tarmoqlari, Yevropa va Rossiyada 24 ta doʼkoni mavjud. Shuningdek, “Oʻzbekiston” savdo uyiga egadir. Kompaniyaning yillik savdo aylanmasi 350 mln. dollarni tashkil etadi.

Mazkur kompaniya bilan yaqin hamkorlik nafaqat Ozarbayjonda balki, Yevropa va Rossiyada ham charm-poyabzal mahsulotlarimiz savdosini keng yoʼlga qoʼyish imkonini beradi.

“INŞAAT MS” MChJ bilan boʼlib oʼtgan muloqotlarda esa kompaniya mamlakatimizdan teri xom ashyosini xarid qilish taklifini bildirdi. Shuningdek, qurilish va boshqa sohalar uchun Oʼzbekistonda ishlab chiqarilgan himoya vositalari, qoplamalarni Ozarbayjonga eksport qilish boʼyicha ham fikr almashildi. Naʼmunalar sifat nazoratidan oʼtgach bu yoʼnalishda hamkorlikni boshlash yuzasidan kelishuvga erishildi.

Maʼlumot uchun “INŞAAT MS” MChJ 2017 yilda tashkil etilgan. Kompaniya shaxsiy himoya vositalari, elektr jihozlar, aviasozlik va qurilish sohasi uchun qoplamalar ishlab chiqarish bilan shugʼullanadi. Kimyoviy tozalash vositalari, sanoat boʼyoqlari, tayyorlanadi. Hozirda kompaniya “A-Stabil” (PPE) va “Uyustools” (MRO) kompaniyalarining Ozarbayjondagi hamkori sanaladi. Bundan tashqari “3M”, “Portwest”, “Uvex”, “DuPont”, “V12 Boot”, “MSA”, “Ansell”, “Stanley”, “PPG”, “Band-IT”, “Linbide Scraper” kabi koʼplab taniqli brendlar bilan aloqalarni yoʼlga qoʼygan.

Uyushma raisining “VMR TEXTILE” kompaniyasi rahbariyati bilan boʼlib oʼtgan muzokaralari ham samarali muloqotlarga boy boʼldi. Muloqotda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan charm-poyabzal va moʼyna mahsulotlarining eksport imkoniyatlarini yanada oshirish masalasi koʼrib chiqildi. Kompaniya uyushmaga aʼzo “Amir Ul Baxr VMG” MChJ, “Comfort Leather Shoes” MChJ, “Go‘zal biznes plyus”MChJlar tomonidan ishlab chiqarilgan maxsus poyabzallar va himoya kiyim-kechaklarini import qilishga qiziqish bildirdi.

Maʼlumot uchun: “VMR TEXTILE” Ozarbayjondagi ish kiyimlari, poyabzal va xavfsizlik texnikasi sohasida yetakchi brendlardan biri hisoblanadi. Kompaniya oʼz faoliyatini 2013 yilda Ozarbayjondagi yetakchi turk brendlaridan birining rasmiy distribyutori sifatida boshlagan. Shuningdek, 2019-yilda Turkiyadagi yetakchi brendlar bilan oʼz mijozlariga yaxshiroq xizmat koʼrsatish maqsadida “VMR TEXTILE” brendini yaratdi.

Ozarbayjon ishlab chiqaruvchilar uyushmasida qator kompaniyalar vakillari bilan “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi oʼrtasida muloqot boʼlib oʼtdi. Unda Oʼzbekiston iqtisodiyoti, sanoat koʼrsatkichlari, charm-poyabzal tarmogʼi yutuqlari taqdim etildi.

Muzokaralar davomida charm-poyabzal sanoati sohasida Oʼzbekiston Respublikasi bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor «ENBC Group», «STAR Uniform MMC» va «Mzgroup Azərbaycan MMC» kabi kompaniyalar vakillari bilan muloqotlar olib borildi.

Xalqaro forum doirasida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo korxonalarning charm, poyabzal, moʼyna, charm buyumlari, jun va jundan tayyorlangan tayyor mahsulotlardan iborat 50 dan dan ortiq “Made in Uzbekistan” yorligʼi ostidagi turli mahsulot naʼmunalari namoyish etilmoqda. Bundan tashqari, mahalliy korxonalarimiz bilan Ozarbayjon Respublikasining “Salayev Araz Ebdul Oglu” XK va “Haciyev Keramet Huseyn Oglu” XK korxonalari rahbarlari oʼrtasida olib borilgan muzokaralar natijasida Oʼzbekistonda ishlab chiqarilgan poyabzal mahsulotlarini Ozarbayjonga eksport qilish boʼyicha fikr almashildi.

Uzcharmsanoat