Qozog‘istonning Olmota shahrida “Elite Line-2022” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. Mazkur yirik anjumanda “O‘zcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo 25 dan ortiq kompaniya jamoaviy stend bilan o‘z mahsulotlarini namoyishga qo‘ygan. O‘zbekiston ekspozitsiyasidan 1200 ortiq turdagi mahsulotlar o‘rin oldi.
Maʼlumot o‘rnida qayd etish kerak, “Elite Line” xalqaro ko‘rgazmasi uchinchi bor tashkil etilayotganiga qaramasdan unda ishtirok etish istagida bo‘lgan brendlar va kompaniyalarning soni 500 dan oshgan. Dunyoning 50 dan ortiq davlatidan kelgan charm-poyabzal va mo‘yna mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar dastlabki kundan biznes muloqotlarga kirishdi.
Mazkur ko‘rgazmaning yana bir afzalligi bu yerda Qozog‘istonning yirik bayerlari ishtirok etishidadir. Ular ayni yo‘nalishda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralarga kirishadi.
Ko‘rgazmaning dastlabki kuni bo‘lishiga qaramasdan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan charm-poyabzal mahsulotlariga qiziqish yuqori. Xususan, Xorazmda joylashgan “Darital” korxonasi Olmotalik ulgurji savdo vakillari bilan muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda korxonaning erkakalar poyabzallariga katta qiziqish bildirildi. Olmotaga eksport qilish masalasi ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Farg‘onada joylashgan “Merrwill” korxonasi esa Oqtau shahrida joylashgan savdo tarmog‘i vakilliri bilan bolalar poyabzallarini Qozog‘istonga yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. Mahalliy korxonamiz tomonidan ishlab chiqarilgan bolalar poyabzallarining sifati va narxi qozog‘istonlik tadbirkorlarga maqul bo‘ldi. Ko‘rgazmaning navbatdagi kunida eksport shartnomasini imzolashga kelishib olindi.
“Elite Line-2022” xalqaro ko‘rgazmasi doirasidagi muloqotlar davom etmoqda.
Uzcharmsanoat