O'ZBEKISTON-XITOY: CHARM-POYABZAL VA MO'YNACHILIK SOHASIDAGI HAMKORLIKNING ASOSIY YO'NALISHLARI VA KELGUSIDAGI REJALAR

14.06.2022

O'ZBEKISTON-XITOY: CHARM-POYABZAL VA MO'YNACHILIK SOHASIDAGI HAMKORLIKNING ASOSIY YO'NALISHLARI VA KELGUSIDAGI REJALAR

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining charm-poyabzal sohasini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan 2018 yil 3 maydagi PQ-3693-son, 2021 yil 8 fevraldagi PQ-4982-son va 2022 yil 26 fevraldagi PQ-143-son qarorlari bilan yuklatilgan vazifalar ijrosini ta'minlash bo'yicha O'zbekistonning Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi va “O'zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

Xususan, O'zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi F.N.Arziev va “O'zcharmsanoat” uyushmasi raisi F.A.Boboev o'rtasida doimiy ravishda tashkil etib kelinayotgan onlayn uchrashuvlarda ikki davlat o'rtasida charm-poyabzal va mo'ynachilik sohasidagi hamkorlikning joriy holati, shuningdek ushbu yo'nalishda savdo-iqtisodiy va investision hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinib kelgusidagi rejalar kelishib olinmoqda.

Shuningdek uchrashuvlarda Uyushma va O'zbekistonning Xitoydagi elchixonasi bilan birga yurtimizdagi kichik sanoat va erkin iqtisodiy sanoat zonalarida investision loyihalarni amalga oshirishni kengaytirish, bu jarayonlarga Xitoylik investorlarni faol jalb etish yuzasidan yo'l xaritalarini ishlab chiqish borasida ishlar tashkil etilmoqda.

Bugungi kunda O'zbekistonda Xitoy sarmoyasi ishtirokida tayyor charm, poyabzal, sport poyabzallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan umumiy qiymati 35,0 mln AQSH dollari bo'lgan 9 ta investision loyihalar amalga oshirildi. Shundan 23,5 mln AQSH dollari Xitoylik investorlar tomonidan kiritilgan to'g'ridan-to'g'ri investisiyadir.
2022-2023 yillarda mazkur davlat bilan umumiy qiymati 32,6 mln AQSH dollari bo'lgan sun'iy charm, poyabzal tagliklari, qolip va kartonlar, tayyor charm, ayollar poyabzali, poyabzal ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, 2021 yilda charm-poyabzal va mo'ynachilik sohasidagi 30 dan ortiq korxonalar tomonidan Xitoy Xalq Respulikasiga qariyb 61,0 mln AQSH dollar qiymatiga ega mahsulotlar eksporti amalga oshirilgan bo'lsa, joriy yilning yanvar-may oylarida ushbu davlatga soha korxonalarining eksporti 24,1 mln. AQSH dollarni tashkil qildi. 
Bugungi kunda “O'zcharmsanoat” uyushmasi hamda O'zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi bilan bir qator chora-tadbirlar belgilab olingan. Jumladan:

1. O'zbekiston Respublikasining XXRdagi elchixonasi bilan hamkorlikda joriy yilning 13-15 avgust kunlari bo'lib o'tadigan “CHarm, poyabzal va poyabzal materiallarining 26-Xalqaro ko'rgazmasi”da faxriy mehmon sifatida 72 kv.m. maydonda “O'zbekiston” charm-poyabzal sanoati milliy stendi bilan ishtirok etish va bu orqali sohaning eksport salohiyatini namoyish etish va investision loyihalarni taklif qilish. Shuningdek, Xitoy bozorida o'zbek charm mahsulotlarini keng namoyish etish maqsadida belgilangan milliy andozalardan kelib chiqqan holda stendning ishlab chiqilgan dizayni, O'zbekiston-Xitoy charmsanoat forumi uchun "O'zcharmsanoat" uyushmasining ishtirokchilari ro'yxati va taqdimot materiallarini yetkazilishini tashkil qilish.
2. “O'zcharmsanoat” uyushmasi hamda XXRning charm-poyabzal sanoati uyushmasi (China Leather Industry Association) bilan uchrashuv tashkil etib, o'zaro hamkorlik memorandumini imzolash.
3. O'zbekiston va XXR o'rtasida bo'lib o'tishi rejalashtirilayotgan navbatdagi Hukumatlararo komissiyasi tashrifiga puxta tayyorgarlik ko'rish.
4. Tegishli tadbirlarni o'z vaqtida va samarali tashkil etish maqsadida har oyda bir marotaba charm-poyabzal va mo'ynachilik sohasiga bag'ishlangan onlayn video-konferensiya muloqotlarini o'tkazib borish.

O'zbekiston-Xitoy o'rtasida charm-poyabzal sanoatida kooperasiya aloqalarini rivojlantirish, tashqi savdo aylanmasini yanada oshirish maqsadida yangi vositalar va mexanizmlarni ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish yuzasidan qarorlar qabul qilindi. Bu o'z navbatida davlatlarimiz o'rtasida sanoatni va savdo-iqtisodiy aloqlarni yanada rag'batlantirishga xizmat qiladi.

Uzcharmsanoat