O'ZBEKISTON-GERMANIYA: CHARM SANOATI SOHASIDA ISHBILARMONLIK ALOQALARI RIVOJLANMOQDA

24.05.2022

O'ZBEKISTON-GERMANIYA: CHARM SANOATI SOHASIDA ISHBILARMONLIK ALOQALARI RIVOJLANMOQDA

“O'zcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati Germaniyaning “Tutelo GmbH” kompaniyasi vakili YAnsen Diter Helmut bilan uchrashuv o'tkazdi. Muloqotda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, yangi qo'shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

Poytaxtimizda bo'lib o'tadigan “UzCharmExpo-2022” 12-xalqaro ko'rgazma-yarmarkasida Germaniya delegasiyasi ham faol ishtirok etadi. Uchrashuv avvalida Germaniya kompaniyasi vakiliga mamlakatimizda charm-poyabzal va mo'ynachilik sanoatini yanada rivojlantirish borasida davlat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlar, qonunchilik bazasi, xorijiy sarmoyadorlarga yaratilgan sharoitlar, soliq va bojxona imtiyozlari, ishlab chiqarish va eksport salohiyati, xom ashyo bazasi to'g'risida atroflicha ma'lumot taqdim etildi.


“Tutelo GmbH” kompaniyasi vakili “UzCharmExpo-2022” xalqaro ko'rgazma-yarmarkasi mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz va Germaniya kompaniyalari o'rtasida charm-poyabzal sanoatida kelgusida qo'shma loyihalarni amalga oshirish, eksport kelishuvlariga erishishda qulay biznes-muloqot maydoni sanalishini qayd etib o'tdi. Kompaniya vakili ayni maqsadda ko'rgazma doirasida O'zbekiston korxonalari bilan muloqotlar va muzokaralar o'tkazishni maqsad qilganini ma'lum qildi.

SHuningdek, uchrashuvda “Tutelo GmbH” kompaniyasi vakili ikkita tashabbusni ilgari surdi. Qayd etilganidek, Bavariyaning ikki kompaniyasi O'zbekistondan “premium” segmentidagi poyabzallarni xarid qilishni maqsad qilgan. Boisi, mamlakatimiz korxonalarining bu yo'nalishda ishlab chiqarayotgan mahsulotlari sifat va narx uyg'unligiga egadir. SHuningdek, o'rta narxdagi mahsulotlarning katta hajmdagi partiyasini Germaniya bozoriga yetkazib berish bo'yicha ham muzokaralar o'tkazildi.

Uchrashuv chog'ida tomonlar ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida hamkorlik memorandumini imzolash bo'yicha fikr almashdi. Mazkur hujjat bilan charm-poyabzal sohasida ikki mamlakat o'rtasidagi biznes aloqalari yanadan yaqinlashtiriladi.

Ma'lumot uchun: “Tutelo GmbH” barcha turdagi mahsulotlar dizaynini ishlab chiqish va yaratish bilan shug'ullanadi. SHuningdek, kiyim-kechak, poyabzal, va aksessuarlarni tarqatish bo'yicha konsalting xizmatlarini ko'rsatib keladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar bildirilgan tashabbuslarni atroflicha muhokama qilish bo'yicha “UzCharmExpo-2022” xalqaro ko'rgazma-yarmarkasi doirasida mahalliy korxonalar bilan V2V uchrashuvlarni tashkil etishga kelishib olishdi.

Uzcharmsanoat