“O'zcharmsanoat” uyushmasi hamda Rossiya Federasiyasining “Yaxting” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Muloqotda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda qo'shma loyihalarni amalga oshirish masalasi atroflicha muhokama etildi.
Joriy yilning 25-27 may kunlari Toshkentda bo'lib o'tadigan “UzCharmExpo-2022” 12- xalqaro ko'rgazma yarmarkasida Rossiya kompaniyalar qatorida Kazan shahrida joylashgan “Yaxting” MCHJ delegasiyasi ham ishtirok etadi. Xalqaro anjuman doirasida tashkil etilgan biznes dasturga muvofiq “O'zcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati kompaniya Bosh direktori Anatoliy Shatikov bilan uchrashuv o'tkazdi.
Muloqot avvalida Rossiya kompaniyasi vakillariga bugungi kunda O'zbekistonda charm-poyabzal va mo'ynachilik sohasini rivojlantirish va xorijiy investorlarni mamlakatimizga jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, qonunchilik bazasi, yaratilgan sharoitlar va berilayotgan imtiyozlar to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.
Uchrashuv davomida “Yaxting” kompaniyasi rahbari O'zbekiston charm-poyabzal sohasida ishonchli strategik hamkor ekanligini, mamlakatimizda so'ngi yillarda bu yo'nalishda islohotlar va yangilanishlar yuz berganini ma'lum qildi. Shuningdek, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan sharoit va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati va narxi sabab, O'zbekiston jahon bozorida o'z mavqeiga ega bo'lib borayotgani takidlandi. Rossiya kompaniyasi ayni jihatlar bois O'zbekiston korxonalari bilan hamkorlikda qo'shma loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilganini ma'lum qildi. Rus kompaniyasining tashabbusiga asosan endilikda yangi qo'shma korxonada maxsus poyabzallar ishlab chiqarilishi yo'lga qo'yiladi. Dastlabki bosqichda oyiga 150 ming juft mahsulot tayyorlanadi. Shuningdek, 1500 ta yangi ish o'rni yaratiladi.
Ma'lumot uchun: “Yaxting” MCHJ 25 yildan buyon Rossiya va Yevropa bozorida ish va maxsus poyabzallar ishlab chiqarishda muvafaqqiyatli faoliyat yuritib keladi. Shuningdek, shahsiy ximoya vositalarini ishlab chiqarish yo'nalishida ham katta tajribaga ega. Korxona yiliga 1 mln juft poyabzal ishlab chiqarish quvvatiga ega. Zavodda 200 dan ortiq maxsus poyabzallar modellari mavjud. Korxona Rossiya va xalqaro sifat sertifikatlari, standartlariga egadir.
Muloqot chog'ida “O'zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan “Yaxting” kompaniyasi taklif etgan tashabbus to'liq qo'llab-quvatlandi. Yangi loyihani amalga oshirish bo'yicha amaliy va xuquqiy yordam ko'rsatishga kelishib olindi.
“UzCharmExpo-2022” 12- xalqaro ko'rgazma yarmarkasi doirasida Rossiya kompaniyasi uchun biznes tur tashkil etiladi. Unga ko'ra kompaniya Samarqand, Andijon, Namangan, Farg'ona viloyatlarida bo'lib ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishadi. Shuningdek, yangi qo'shma korxonani ishga tushirish bo'yicha hamkorlar bilan muzokaralarga kirishadi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama aloqalarning kelgusi istiqbollariga doir masalalar atroflicha muhokama qilib olindi.
Uzcharmsanoat