“LUX” TOIFASIDAGI POYABZALLARIMIZ ROSSIYA BOZORI SARI

28.04.2022

“LUX” TOIFASIDAGI POYABZALLARIMIZ ROSSIYA BOZORI SARI

“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati hamda Rossiya yengil sanoat va oʻrmon xoʻjaligi sanoati kompleksi departamenti delegatsiyasi aʼzolari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. 

Tomonlar charm-poyabzal sohasida ikki tomonlama aloqalar koʻlamini yanada kengaytirish, mavjud hamkorlik munosabatini mustahkamlash va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan poyabzallar eksportining Rossiya bozoridagi koʻlamini kengaytirish masalalari muhokama etdilar.


Shuningdek, uchrashuvda Rossiyaning “SOL” brendi taʼsischisi ham ishtirok etib, Oʻzbekistondan 3 xil segmentdagi poyabzallarni import qilish boʻyicha oʻz taklifini Uyushma rahbariyatiga maʼlum qildi. 

Asosan Xitoy bilan hamkorlik qilib kelgan “SOL” brendi bugungi kunda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan charm-poyabzal mahsulotlari sifat va narx jihatdan toʻliq talabga javob berishi sabab endilikda oʻzbek korxonalari bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirmoqda.

Rossiya brendi mamlakatimizdagi korxonalardan uchta segmentdagi charm-poyabzal mahsulotlarini xarid qilishni maqsad qilgan. Birinchi yoʻnalish lyuks toifasidagi poyabzallar boʻlib, hozirgi bosqichda har bir oʻlchamdan 100 donadan sotib olish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, sport va bolalar poyabzallari xaridini ham amalga oshirish boʻyicha manfaatli takliflar koʻrib chiqildi.


Uchrashuvda  tomonlar mahalliy korxonalarimizga rossiyalik dizayner va texnologlarni jalb etish masalasi yuzasidan fikr almashdi. Shuningdek, jarayon davomida – bevosita Uyushmaning koʻrgazma zalining oʻzida mehmonlarga yurtimizda ishlab chiqarilgan lyuks toifasidagi poyabzallar namunalari taqdim etildi.

Uchrashuv soʻngida qisqa fursat oraligʻida oʻzaro kelishilgan texnik parametrlar asosida ayni yoʻnalishdagi ishlarni boshlash boʻyicha kelishib olindi.
 

Uzcharmsanoat