INNOPROM: INVEST LOYIHALAR UCHUN PLATFORMA

25.04.2022

INNOPROM: INVEST LOYIHALAR UCHUN PLATFORMA

Poytaxtimizda “Innoprom-Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko’rgazmasi o’z ishini boshladi. Rossiya, Qozog’iston, Tojikiston, Germaniya, Belarus, Fransiya kabi 10 dan ortiq davlatning 200 dan ortiq kompaniya va tashkilotlar qatorida mamlakatimiz milliy stendida “O’zcharmsanoat” uyushmasi ham faol ishtirok etmoqda.

Asosiy maqsad – sanoat sohasidagi eng yangi texnologiyalar va ishlanmalarni targʻib qilish, yangi ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish, bitimlar tuzish va natijada sanoat kooperatsiyasi boʻyicha yangi loyihalarni amalga oshirish.

Joriy yilgi anjumanning asosiy g’oyasi hamkorlikda invest loyihalarni amalga oshirish, xorijiy sarmoyalarni O’zbekistonga keng jalb qilishdir.

Ko’rgazmaning dastlabki kunida “O’zcharmsanoat” uyushmasi vakillari Rossiya, Tojikiston, Belarus, Italiya kabi davlatlarning kompaniyalari bilan muloqotlarga kirishdi. Manfaatli muzokaralar bo’lib o’tmoqda.

Xususan, Belarus Respublikasining “Lacit” kompaniyasi bilan muloqot bo’lib o’tdi. Suhbat mavzusi mahalliy korxonalarimizga  robotlashgan texnologiyalarni qo’llash, elektron kommersiya, raqamli menejmentni qo’llash masalalari bo’ldi. Shuningdek, Tojikiston kompaniyasi  “Autsorsing” asosisda o’z brendi ostida O’zbekistondan bolalar poyabzallarini xarid qilishni maqsad qilgan.

Ayni yo’nalishda hamkorlik aloqalarini kengaytirish yuzasidan muzokaralar o’tkazildi. Tojikiston kompaniyasi mamlakatimizda qo’shma korxona ochishga ham qiziqish bildirdi.

Umuman olganda “Innoprom-Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko’rgazmasi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash va yangi kontaktlar topish yo’lida qulay platformaga aylandi. Oldinda xali manfaatli muloqot va muzokaralar turibdi. Xalqaro sanoat ko’rgazmasi 27 aprelga qadar o’z ishini davom ettiradi.

Uzcharmsanoat