CHARM-POYABZAL SANOATI UCHUN YANGI TEXNOLOGIYALAR

25.03.2022

CHARM-POYABZAL SANOATI UCHUN YANGI TEXNOLOGIYALAR

Birinchi Toshkent xalqaro investitson forumi doirasida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi hamda Italiya savdo agentligi va charm-poyabzal sanoati uchun uskunalar ishlab chiqarvchilar uyushmasi “ASSOMAC” bilan uchrashuv tashkil etildi. 

Muloqot ikki davlat oʻrtasida charm-poyabzal sanaotida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bagʻishlandi. Xususan, tomonlar Oʻzbekistonda charm-poyabzal va moʻyna sanoatini modernizatsiya qilish va investitsion muhitni yanada rivojlantirish boʻyicha texnik va innovatsion yechimlar xususida fikr almashdi.


“ASSOMAC”ning loyiha menejeri janob Fabritsio Trigila oʻz taqdimotida Italiya kompaniyalarining charm sanoat yoʻnalishida uskunalar ishlab chiqarishdagi soʻnggi texnologik yangiliklar haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, u Italiyadagi ixtisoslashtirilgan texnologiyalarga xizmat koʻrsatish markazlarida Oʻzbekistonlik mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha hamkorlikda ish olib borish yuzasidan takliflarni ilgari surdi. Bu esa Oʻzbekiston korxonalarida yuqori professionallikni oshirishga xizmat qiladi.

Taʼkidlash kerak, “ASSOMAC” Italiyalik charm, poyabzal, charm buyumlar, moʻyna, avtomobil mebellari va kiyim-kechak mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar uchun  mashina va texnologiyalar ishlab chiqaruvchilarini birlashtirgan milliy uyushmadir. Uning vazifasi kompaniyalar manfaatlarini qoʻllab-quvvatlash va ularning faoliyatini butun dunyo boʻylab targʻib qilishdir.


Muloqot chogʻida Italiya savdo agentligi – ITA rasmiy xodimi janob Martino Kastellani “ASSOMAC” va unga aʼzo kompaniyalar Oʻzbekiston bilan uzoq yillik, iliq munosabatlarga ega ekanligini hamda Italiyada oʻtkazilgan ikki davlat oʻrtasidagi turli biznes-forumlarda ishtirok etishini taʼkidladi.  Assotsiatsiya ITA tashabbusi bilan “Simac Tanning Tech” koʻrgazmasida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasining faol ishtiroki Oʻzbekistonni xorijiy maydonda potensial hamkor sifatida etirof etilishiga xizmat qildi.

Muzokaralar yakunida hamkorlikning keyingi istiqbollariga oid tashkiliy va amaliy jihatlar atroflicha muhokama qilindi. Xususan, tomonlar 2018-yil 22-iyun kuni Milanda ikki assotsiatsiya oʻrtasida imzolangan hamkorlik memorandumini yangilashga kelishib oldilar.

Uzcharmsanoat