PARIJ KOMMUNАSI: BIR ASRLIK KOMPANIYADA OʼZBEKISTON MAHSULOTLARI

09.12.2022

PARIJ KOMMUNАSI: BIR ASRLIK KOMPANIYADA OʼZBEKISTON MAHSULOTLARI

Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida boʼlib oʼtgan BIOT-2022 xalqaro koʼrgazmasi doirasida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati “Parij kommunasi” Moskva poyabzal fabrikasiga tashrif buyurdi.

Uyushma rahbariyati bir asrlik tarixga ega kompaniya faoliyati bilan tanishdi. Kelgusidagi hamkorlikning istiqbollarini atroflicha muhokama qilib oldi. Muloqotda tomonlar Oʼzbekiston va Rossiya oʼrtasida charm-poyabzal sohasida ishonchga asoslangan tijorat aloqalari rivojlanib borayotganini alohida takidlashdi. Shuningdek, poyabzal korxonasining Oʼzbekiston kompaniyalari bilan oʼrnatgan aloqalarining bugungi xolati, kelgusidagi rejalar yuzasidan atroflicha fikr almashishdi.

Maʼlumot oʼrnida: “Parij kommunasi” Moskva poyabzal fabrikasi 1922 yilda oʼz faoliyatini boshlagan. Qadimgi ananalarga asoslangan xolda innovatsion texnologiyalardan foydalangan xolda charm-poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Korxonaning bugungi kunda 5 ta hududda ishlab chiqarish tuzilmalari faoliyat olib boradi. Yiliga 1 mln. juft turli modeldagi poyabzallarni ishlab chiqarish quvvatiga egadir. Qariyb 100 mingga yaqin ishchi aynan mazkur fabrikada faoliyat olib boradi. 2023 yildan boshlab kompaniya ishlab chiqarish quvvatini 1 mln. 600 ming juftga yetkazishni maqsad qilgan.

Uchrashuvda qayd etilganidek, kompaniya mahalliy korxonalarimiz bilan yaqin hamkorlikni yoʼlga qoʼygan. Bugungi kunda sanoat korxonalari uchun maxsus poyabzallar ishlab chiqarishda Oʼzbekiston kompaniyaning strategik hamkori sanaladi. Shuningdek, turli modeldagi erkaklar, bolalar poyabzallarining ustki qismlari ham Oʼzbekistondan xarid qilinadi.

Mulqotda tomonlar Oʼzbekistondagi korxonalarda faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning malkasini oshirish va ularga zamonaviy texnologiyalardan foydalangan xolda ishni tashkil etish borasida fikr almashishdi. Rossiya kompaniyasi bu borada hamkorlikka tayyor ekanligini maʼlum qildi.

Shuningdek, tashrif davomida Uyushma rahbariyati kompaniyaning ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Mahsulotlar, ularning sifati, foydalanilayotgan zamonaviy uskunalarni koʼzdan kechirdi.

Ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish boʼyicha yangi loyihalarni amalga oshirish, tijoriy takliflarni oʼrganib chiqish va mahalliy korxonalarimizdan mahsulotlar xaridini yanada oshirish boʼyicha qaror qabul qilindi

Uzcharmsanoat