O'ZBEKISTON -MARKAZIY OSIYODA XOM ASHYO XABI

21.12.2022

O'ZBEKISTON -MARKAZIY OSIYODA XOM ASHYO XABI

“O`zcharmsanoat” uyushmasida Qirg`iziston Respublikasining “Eko meat” go`shtni qayta ishlovchilar va ishlab chiqaruvchilar uyushmasi vakillari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Muhokamaning asosiy mavzusi O`zbekistonga qoramol terisini yetkazib berishni yo`lga qo`yish masalasi bo`ldi.

Ayni masala Markaziy Osiyoda yagona xom ashyo markaziga da’vogar O`zbekiston uchun dolzarb sanaladi. Uchrashuvda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda terini qayta ishlash bo`yicha yirik quvvatlar mavjud. Bugungi kunda respublikamizda 30 dan ortiq terini qayta ishlash korxonalari faoliyat olib bormoqda. Ushbu korxonalarda yiliga 1,641 mlrd. dm. teri qayta ishlanadi. Mamlakat terini qayta ishlab undan tayyor va yarim tayyor charm mahsulotlarini ishlab chiqarish bo`yicha ulkan zahiraga egadir. Ayni vaqtda qoramol terisini to`liq qayta ishlash maqsadida Turkmaniston va Qozog`istondan teri xom ashyosi import qilinmoqda. Mamlakatimizda tayyorlangan qo`shilgan qiymatga ega tayyor va yarim tayyor charm mahsulotlar keyinchalik MDH mamlakatlariga eksport qilinadi. Ayni yo`nalishdagi hamkorlikdan Qirg`iziston ham manfaatdor.

Mamlakatlarimiz o`rtasida bir vaqtning o'zida bir nechta yo'nalishlarda hamkorlik kutilmoqda. Birinchi yo`nalish, Qirg`izistondan O`zbekistonga teri yetkazib berish bo`yicha munosabatlarni yo`lga qo`yish. Buning uchun hamkor tomon teri xom ashyosini yetkazib berishda milliy va xalqaro talablarni o`rganib chiqishi va ularga qatiiy amal qilishi lozim.

Ikkinchi yo`nalish, O`zbekiston hamkor davlatga kushxonalar, ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini yo`lga qo`yishga ko`maklashadi. Shuningdek, ularning xorijiy sifat standartlariga javob beradigan ilg‘or avtomatlashtirilgan uskunalar bilan jihozlanishiga yordam berishi mumkin. Muloqotda shu maqsadda O`zbekistonning zamonaviy so`yish korxonalari vakillari ham ishtirok etdi. Ular tomonidan “Kalit taslim etish” usulida hamkorlik qilish bo`yicha takliflari o`rganib chiqildi.

Hamkorlikning uchinchi yo`nalishi – ikki davlatning profil uyushmalari o`rtasida kooperatsiya aloqalarni yo`lga qo`yish sanaladi. Buning natijasida charm-poyabzal sanoatida eksport-import operatsiyalarini yo`lga qo`yish, qo`shma loyihalarni amalga oshirish, mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish va rivojlantirish bo`yicha tajriba almashiladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikning har bir yo`nalishini batafsil o`rganib chiqish va Qirg`izistonga biznes-turlar tashkil etishga kelishib oldilar.

Uzcharmsanoat