YEVROPAGA YO`L: GERMANIYANING “BERKEMANN” KOMPANIYASI BILAN HAMKORLIK O`RNATILDI

14.11.2022

YEVROPAGA YO`L: GERMANIYANING “BERKEMANN” KOMPANIYASI BILAN HAMKORLIK O`RNATILDI

“O`zcharmsanoat” uyushmasi va dunyodagi eng yirik poyabzal ishlab chiqaruvchilaridan biri Germaniyaning “Berkemann” kompaniyasi o`rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvdan ko`zlangan maqsad O`zbekistonning yetakchi poyabzal ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik aloqalarini o`rnatish va “Autsorsing” asosida poyabzal va poyabzal ustki qismlarini ishlab chiqarish, sohaga sarmoya kiritishdan iborat bo`ldi.

Ma’lumot uchun, Berkemann 1885-yilda tashkil etilgan. Kompaniya faoliyatining eng boshidan nafaqat chiroyli, balki qulay poyafzallarni ishlab chiqarishni o`ziga maqsad qilgan. Tez orada sifatga ixtirochilik ham qo‘shildi: kompaniya asoschisi Geynrix Berkemann bozorga birinchi bo‘lib ommaviy ishlab chiqarilgan ortopedik taglikni taqdim etdi. Bugungi kunda kompaniya tomonidan 6 ta taniqli brend ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlar dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlariga eksport qilinmoqda. Gap “Berkemann”, “Solidus”, “Marc”, “Däumling”, “Senbert” va “Everybody” kabi poyabzal brendlari haqida ketmoqda. Ishlab chiqarish korxonalari Germaniya, Vengriya, Xorvatiya va Chexiyada joylashgan.

Takidlash kerak, “Berkemann” bilan hamkorlik sanoat korxonalariga dunyoga mashhur boshqa brendlardan tayyor poyabzal mahsulotlariga buyurtmalar olish, eksport ko‘rsatkichlarini 2-3 barobar oshirish imkonini beradi.

Onlayn uchrashuvda kompaniya bosh direktori Tomas Bauerfeind qayd etganidek, “Berkemann” hozirda koronavirus pandemiyasining ta'siri, energiya narxining oshishi va logistik to'siqlar kabi muammolarga duch kelmoqda. Bu borada O`zbekistonning o`sib borayotgan sarmoyaviy jozibadorligi va investorlar uchun yaratilgan sharoitlar Germaniya investorlarida katta taassurot uyg`otmoqda. Janob Bauerfeynd mamlakatimizdagi tajribali charm-poyabzal korxonalari bilan hamkorlik aloqalarini o`rnatishni rejalashtirgan.

Uchrashuvda Uyushma tomonidan “Berkemann” kompaniyasiga “Uzshoes”, “Clasica Shoes International”, “Person” va “Vodiy Shoes” korxonalari ularning ishlab chiqarish salohiyati, mahsulot sifati haqida to`liq ma’lumot berildi. Germaniya tomoni esa o`z navbatida O`zbekistondagi korxonalarga mahsulot na`munalarini jo‘natish bo`yicha qaror qabul qildi.

Hamkorlikning keyingi bosqichlarida sanoat korxonalari imkoniyatlari bilan tanishish maqsadida “Berkemann” kompaniyasi vakillarining O`zbekistonga tashrifi rejalashtirilgan.

Uzcharmsanoat