MOSSHOES: BARQAROR RIVOJLANISH YOʻLI SARI

03.09.2021

MOSSHOES: BARQAROR RIVOJLANISH YOʻLI SARI

Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida boʻlib oʻtgan 85- xalqaro “Mosshoes” charm-poyabzal, aksessuarlar va butlovchi materiallar koʻrgazmasi oʻz ishini yakunladi. “Oʻzcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo 20 dan ortiq korxona 200 turdagi mahsulotlarni mazkur yirik anjumanda namoyishga qoʻyishdi. Joriy yilgi koʻrgazma qator V2V uchrashuvlar, muzokaralar va manfaatli shartnomalar imzolanishi bilan yodda qolarli boʻldi. 

Jumladan, Namangan viloyatida joylashgan “Botir Muxammadali” MCHJ Rossiyaning “Malaxov” IP kompaniyasi bilan umumiy qiymati bir million dollar boʻlgan eksport shartnomasini imzoladi. Shartnomaga asosan Namanganda joylashgan korxona Rossiya bozorlariga mavsumiy poyabzallarni yetkazib berishni boshlaydi. Dastlabki yuk 2021-yilning oktyarb oyidan Rossiyaga joʻnatiladi.

Shuningdek, Sirdaryo viloyatida joylashgan “Peng Sheng” MCHJ esa Belarus Respublikasining “Belvest” poyabzal kompaniyasi bilan muzokaralar oʻtkazdi. Muloqotlarda Belarus kompaniyasi mamlakatimizda tayyorlangan tayyor charmning “Krast” va “Finish” bosqichiga katta qiziqish bildirdi. Naʼmunalar tanlab olinib hamkorlikning kelgusi istiqbollari koʻrib chiqildi.

“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi vakillari Rossiyaning “Global Shoes” korxonasi bilan poyabzal va oyoq kiyimlarning ustki qismlarini eksport  qilish boʻyicha uchrashuv oʻtkazdi. Muloqotlarda Rossiya kompaniyasiga mamlakatimizda ayni yoʻnalishdagi korxonalar haqida toʻliq maʼlumot taqdim etildi. “Global Shoes” korxonasi vakillari tez kunlarda Oʻzbekistonga kelib ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishib, hamkorlikni boshlash boʻyicha takliflarini bildirdi.

Xulosa qilib aytganda uch kun davom etgan “Mosshoes” charm-poyabzal, aksessuarlar va butlovchi materiallar koʻrgazmasi Oʻzbekistonlik tadbirkorlarga yangi hamkorlar topish va manfaatli kelishuvlarni qoʻlga kiritishlari uchun qulay biznes platforma boʻlib xizmat qildi.

Uzcharmsanoat