TRANSCHEGARAVIY HAMKORLIKNING YANGI OʻSISH NUQTASI: QOZOGʻISTONDA III HUDUDLARARO HAMKORLIK FORUMI BOʻLIB OʻTDI

01.12.2021

TRANSCHEGARAVIY HAMKORLIKNING YANGI OʻSISH NUQTASI: QOZOGʻISTONDA III HUDUDLARARO HAMKORLIK FORUMI BOʻLIB OʻTDI

Qozogʻiston Respublikasining Turkiston shahrida Oʻzbekiston-Qozogʻiston III hududlararo hamkorlik forumi boʻlib oʻtdi.  Anjumanda ishtirok etgan mamlakatimiz delegatsiyasining roʻyhatidan ushbu forumning ahamiyati yuqori ekanligini bilish mumkin. Turli vazirlik va idoralar, biznes olami vakillari va ishbilarmonlar qatorida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi ham charm-poyabzal sanoati yoʻnalishida oʻz tashabbuslari bilan ishtirok etdi.


Joriy yilgi forum “Transchegaraviy hamkorlikning yangi oʻsish nuqtasi” mavzusida tashkil etildi. Ikki kunlik tadbir qator plenar sessiyalar, yalpi majlis, V2V uchrashuvlar va muzokaralarni oʻz ichiga qamrab oldi. Uchinchi bor oʻtkazilgan forum oʻz samarasini avvalgi yillardayoq koʻrsatgan edi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasidagi savdoning 70% Oʻzbekiston va Qozogʻistonga toʻgʻri keladi. Ikki tomonlama tovar ayriboshlash 2021-yilning oʻtgan 9 oyida 2,9 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2020-yilning shu davriga nisbatan 28,5%ga koʻp demakdir.


Agar charm-poyabzal sohasidagi oʻzaro hamkorlikka eʼtibor qaratadigan boʻlsak bu yilning oʻzida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo 44 ta korxona umumiy qiymati 10 mln dollarlik mahsulotni Qozogʻistonga yetkazib bergan. Bu oʻtgan yilga nisbatan uch barobarga koʻpdir. Kelgusi yilda bu koʻrsatkich yanada oʻsishi kutilmoqda. Birgina Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan forum doirasida 12 ta charm-poyabzal korxonasi 17,4 mln.dollarlik eksport kelishuvlarini imzoladi. Shuningdek, eksport oldi moliyalashtiriish toʻgʻrisida“Kazakh Export”sugʻurta  kompaniyasi bilan shartnomaga imzo qoʻyildi.


Forum doirasida umumiy hisobda 611,3 mln dollarlik 54 ta investitsion va tijorat shartnomalari imzolandi. Oʻzaro manfaatli tovara ayriboshlash hajmini 2022-yilda 5 mlrd dollarga, yaqin besh yilda 10 mlrd dollarga yetkazish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Uzcharmsanoat