“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi hamda XXR investorlari ishtirokida autsorsing asosida dunyoga mashhur brendlar yorligʻi bilan ayollar va bolalar poyabzallarini ishlab chiqarish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyiha muhokamasiga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Muloqotda Xitoylik investor Fan Rongxuan loyihaning xozirgi xolati boʻyicha atroflicha uyushma rahbariyatiga maʼlumot berdi. Karonovirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat ushbu loyihani ortga surilishiga sabab boʻlgan edi. Biroq loyihani samarali amalga oshirish boʻyicha ishlar jadallashdi. Shu yil oxiriga qadar Xitoydan Oʻzbekistonga ikkita yuk mashinasida kerakli uskunalar yetib keladi. 2022-yilning yanvar oyida texnologiyalarni oʻrnatish jarayonlari nixoyasiga yetadi. Investor qayd etganidek, kelgusi yilning mart-aprel oylaridan boshlab “NIKE” va “ADIDAS” brendlari ostida sport poyabzallari ishlab chiqarilishi boshlanadi.
Loyihaning birinchi bosqichida yiliga 300 ming juft poyabzal ishlab chiqariladi. 2023-yildan boshlab ishlab chiqarish hajmi bosqichma-bosqich ortadi. Kompaniya Andijon viloyatida ishlab chiqariladigan mahsulotlarni Rossiyaga eksport qilish boʻyicha dastlabki shartnoma ham imzolandi. Unga koʻra kompaniya Rossiyaga 120 ming juft poyabzalni yetkazib beradi. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi Rossiya va boshqa davlatlar uchun yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Xususan Markaziy Osiyo davlatlari bilan ham hamkorlik boʻyicha faol muloqotlar olib borilmoqda. Mazkur brendlar ostida ishlab chiqariladigan poyabzallarni Qirgʻiz Respublikasi, Tojikiston, Qozogʻistonga ham yetkazib berish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda istiqboldagi yangi loyihalar xususida ham soʻz bordi. Xitoy tomoni xom ashyo ishlab chiqarish boʻyicha Andijonda va boshqa hududlarda yangi korxonalarni tashkil etish boʻyicha tashabbus bilan chiqdi. Qayd etilganidek, bu borada mamlakatimizda barcha imkoniyatlar yetarli. Muloqot yakunida Xitoylik investor “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi bilan kelgusidagi loyihalarning amalga oshirish boʻyicha tashkiliy va amaliy jihatlarni atroflicha muhokama qilib olindi.
Uzcharmsanoat