“O‘zcharmsanoat” uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 maydagi “Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishni yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3693-sonli qaroriga asosan tashkil etilgan (“O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasining huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi).
“O‘zcharmsanoat” uyushmasining charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha yuklatilgan vazifalar doirasida asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari quyidagilar hisoblanadi:
Uyushma a’zolari - tashkilotlarning xo‘jalik faoliyatiga chorva mollarini so‘yish va teri tayyorlashdan xom ashyoni chuqur qayta ishlash hamda charm-poyabzal, charm-attorlik, mo‘yna, qorako‘l va jundan ishlangan tayyor mahsulot va buyumlar ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonning barcha bosqichlarida ko‘maklashish;
korxonalarda ilg‘or texnologiyalarni, xalqaro standartlar talablariga muvofiq sifat menejmenti tizimini tatbiq etishni rag‘batlantirish, Uyushma a’zolari - tashkilotlarni modernizatsiya qilish va texnik jihatdan qayta jihozlashga har tomonlama ko‘maklashish;
talabi yuqori bo‘lgan sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish va turlarini kengaytirish, ichki bozorni mahalliy ishlab chiqarilgan import o‘rnini bosuvchi va raqobatbardosh mahsulotlar bilan to‘ldirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
ichki va tarmoqlararo kooperatsiyani, jumladan, charm, mo‘yna xom ashyosi va junni chuqur qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlar, shuningdek, chorvachilik xo‘jaliklari, furnitura va butlovchi buyumlar ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish;
charm-poyabzal, mo‘yna, qorako‘l mahsulotlari hamda jundan ishlangan buyumlar segmentlarida ichki va tashqi bozorlarning marketing tadqiqotlarini tizimli ravishda olib borish, tarmoqlarning eksport salohiyatini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlash, modellashtirish va brendlash bo‘yicha eng yangi innovatsion ishlanmalardan foydalangan holda xom ashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishning zamonaviy uslublarini, shuningdek, ilg‘or axborot texnologiyalari va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini keng joriy etish;
malakali kadrlar tayyorlash va tarmoqning ilmiy salohiyatini oshirish, shuningdek, ishlab chiqarishni xom ashyo va materiallarning ekologik toza turlaridan foydalangan holda tashkil etish maqsadida ishlab chiqarish, ta’lim va fanning o‘zaro integratsiyasi uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish;
Uyushma a’zolari - tashkilotlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jumladan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro munosabatlarda, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshirishlar o‘tkazish jarayonida, shuningdek, sudlarda ishlarni ko‘rishda himoya qilish va boshqalar.
Soha korxonalariga quyidagi imtiyozlar berilgan:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 maydagi PQ-3693-sonli qarori bilan 2023 yil 1 yanvarga qadar muddatda:
foyda solig‘i va mol-mulk solig‘i, aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashdan ozod qilish;
belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha import qilinadigan asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, respublikada ishlab chiqarilmaydigan xom ashyo, materiallar va furnitura uchun bojxona to‘lovlari (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) to‘lashdan ozod etish;
yuqoridagi tasdiqlanadigan ro‘yxatlarga kiritilmagan, o‘z ishlab chiqarishi uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, xom ashyo, materiallar va furnituralarni import qilishda bojxona to‘lovlarini (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) to‘lash muddatini qonunchilikda belgilangan tartibda kechiktirish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 16 sentabrdagi PQ-4453-sonli qarori bilan 2023 yil 1 yanvarga qadar muddatda:
chorva mollarini so‘yish bo‘yicha zamonaviy avtomatlashtirilgan majmualarni ishga tushirayotgan tashkilotlar va terini qayta ishlovchi korxonalarni yer solig‘i to‘lashdan ozod etish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 8 fevraldagi PQ-4982-sonli qarori bilan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan 2021-2022 yillarda charmdan tayyor mahsulotlar, charm-attorlik, shuningdek, mo‘yna va jundan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish uchun umumiy qiymati 50 million AQSH dollari miqdoridagi kredit liniyalarini ajratildi.
Uzcharmsanoat