O`zbekiston-Vengriya: charm sanoatida hamkorlik kengaymoqda

07.05.2024

O`zbekiston-Vengriya: charm sanoatida hamkorlik kengaymoqda

 “O‘zcharmsanoat” uyushmasida Vengriya yengil sanoat uyushmasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqotda ikki davlat o`rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan oldinda turgan vazifalar muhokama etildi. Dastlab, O‘zbekiston koroxonalarining Vengriyaga maxsus poyabzal va maxsus poyabzallarning ustki qismini yetkazib berish masalasi atroflicha ko`rib chiqildi. Kompaniyalarimiz tomonidan taqdim etilgan mahsulot na`munalari  Vengriya laboratoriyalarda sinovdan o'tkazilayotgani qayd etildi. Bir qator mahalliy korxonalarning Vengriyaga mahsulot va materiallar yetkazib berishi kutilayotgani bois ularning logistikasiga oid tartib ko`rib chiqildi. 
Muzokaralarning ikkinchi qismida Oʻzbekiston charm sanoati vakillaridan iborat delegatsiyaning Vengriyaga boʻlajak tashrifi muhokama qilindi. Ikki davlat o`rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan forumlarni,   korxonalarining muzokara va muloqotlariga puxta tayyorgarlik ko`rish bilan bog`liq masalalar muhokama qilib olindi.
    Uchrashuvda muhokama qilingan uchinchi masala Vengriya, Avstriya va boshqa qator Yevropa brendlarini O‘zbekistonda “Autsorsing” asosida ish boshlashi bo`ldi. Ularni respublikamizga jalb etish bilan bog`liq tashkiliy masalalar yuzasidan fikr almashildi.  
Ma’lumot uchun: Vengriya yengil sanoat uyushmasi (AHLI) to‘qimachilik,  charm va poyabzal sanoatida faoliyat yurituvchi ish beruvchilarning nodavlat ixtiyoriy tashkiloti hisoblanadi. AHLI 2004 yildan beri Yevropa kiyim-kechak va toʻqimachilik konfederatsiyasining aʼzosi boʻlib, yaqinda Evropa hamjamiyatining ko'nchilar kengashi (COATNCE) hamda Yevropa poyabzal sanoati konfederatsiyasi va milliy poyabzal assotsiatsiyalari konfederatsiyasiga qoʻshildi. 
Vengriya tomoni O‘zbekiston hukumati tomonidan xorijiy sarmayodorlarga berilayotgan e’tibor va qo‘llab-quvvatlovni alohida qayd etib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni  yanada mustahkamlash va kengaytirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

Uzcharmsanoat