Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tashabbusi, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi hamkorligida Shanxayda o‘tayotgan All China Leather Exhibition (ACLE-2025) ko‘rgazmasida ishtirok etgan delegatsiyamiz xalqaro hamkorlar e’tiborini tortishga muvaffaq bo‘ldi.
Gonkongning mashhur Dr. Kong bolalar poyabzal brendi endi o‘z mahsulotlari uchun charmni O‘zbekistondan xarid qiladi. Bu kelishuv o‘zbek charmiga bolalar poyabzali segmentida global bozorga chiqish yo‘lini ochdi. Qayd etish kerak, Dr. Kong Osiyo qit’asida birinchi raqamli bolalar poyabzali ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.
Shuningdek, Xitoyning erkaklar poyabzali ishlab chiqaruvchi Zhenchang Piye Ltd. kompaniyasi ham Hamkor Nur Savdo bilan hamkorlikka kelishdi. Endi o‘zbek charm mahsulotlari bir vaqtning o‘zida ikki yirik segment — bolalar va erkaklar poyabzali ishlab chiqarishda qo‘llaniladi.
MM Goodwill MCHJ Turkiyaning Tesa Deri kompaniyasi bilan dastlabki kelishuvlarga erishdi. Keng assortimentdagi charm va jelatin mahsulotlarini Turkiyaga eksport qilish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, MMM Amin Bio kompaniyasi Italiyadagi Goodwill Srl bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar Yevropa bozorida tayyor jelatin mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilish imkoniyatlarini muhokama qilib, mahsulot namunalari bilan almashishdi.
DSM International Germaniyaning mashhur poyabzal ishlab chiqaruvchisi Rieker Entwicklungs GmbH bilan uchrashdi. Rieker kompaniyasi DSM mahsulotlarini o‘z ta’minot zanjiriga qo‘shishni taklif qildi. Bu O‘zbekiston charm mahsulotlari tez orada Yevropadagi mashhur Rieker poyabzali tarkibida bo‘lishi mumkinligini anglatadi.
Muzokaralarning yana bir yirik yo‘nalishi Hindistonga qaratildi. Jahonning 35 dan ortiq mamlakatiga mahsulot yetkazib beruvchi Tata International Limited O‘zbek charm mahsulotlarini xarid qilishga qiziqish bildirdi. Tata bugungi kunda Zara, H&M, Armani kabi global gigantlarga hamkor sifatida tanilgan.
Bundan tashqari, Hindistonning KF Exports kompaniyasi ham DSM International bilan shartnomalar tuzishga qiziqish bildirib, o‘zbek charmiga e’tibor qaratdi.
ACLE-2025 O‘zbekiston charm sanoati uchun oddiy ko‘rgazma emas. Bu — dunyo brendlari bilan ochiq muloqot, yangi loyihalar, innovatsion hamkorlik va global bozorga dadil qadamdir. Bugun Dr. Kong, Rieker, Tata kabi nomdor kompaniyalar o‘z ta’minot zanjirida O‘zbekiston charmiga o‘rin bermoqda. Bu esa nafaqat eksport hajmining oshishi, balki milliy brendlarimizning jahon xaritasida mustahkam o‘rnini topishini anglatadi.
Uzcharmsanoat