ACLE-2025: Milliy brendlarimiz charm industriyasi markazida

03.09.2025

ACLE-2025: Milliy brendlarimiz charm industriyasi markazida

Jahon charm sanoati xaritasida Shanxay alohida o‘rin tutadi. Bu yerda har yili o‘tkaziladigan All China Leather Exhibition (ACLE) ko‘rgazmasi nafaqat Xitoy, balki butun dunyo charm va poyabzal industriyasining yuragi hisoblanadi. Shanxay yangi xalqaro ko‘rgazmalar markazida start olgan anjumanning masshtabi uning nufuzini yaqqol ko‘rsatadi: 80 ming kvadrat metrdan ortiq maydon, 25 ta davlat, 1000 dan ortiq kompaniya va 31 mingdan ziyod tashrif buyuruvchi. ACLE nafaqat ko‘rgazma, balki jahon sanoati uchun yirik dialog va sheriklik maydonidir.

Mazkur nufuzli platformada bu yil “O‘zcharmsanoat” uyushmasi va unga a’zo yetakchi korxonalar milliy stend bilan ishtirok etmoqda. O‘zbekiston stendi o‘zining keng ko‘lamli ekspozitsiyasi bilan farqlanadi:

  • qayta ishlangan yuqori sifatli charm va yarim tayyor mahsulotlar,
  • zamonaviy dizayndagi poyabzal va sumkalar,
  • ekologik texnologiyalar asosida tayyorlangan aksessuarlar,
  • avtomobil va mebel sanoati uchun charm materiallari.

Bu mahsulotlar nafaqat sifat, balki ijodiy yondashuv va dizayndagi yangiliklari bilan ham xalqaro mehmonlarda qiziqish uyg‘otmoqda. Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoy, Italiya, Turkiya, Koreya va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan yetakchi ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralar olib bormoqda. B2B uchrashuvlarda eksport shartnomalari muhokama qilinib, qator yangi loyihalar yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishilmoqda.

Milliy stend – bu nafaqat ko‘zgu, balki yangi imkoniyatlar eshigi. U orqali O‘zbekiston charm sanoati o‘z salohiyatini dunyoga ko‘rsatmoqda va global bozor bilan tengma-teng muloqotga chiqmoqda.

 

 

 

 

 

Uzcharmsanoat