O‘zbekiston–Pokiston: charm sanoatidagi yangi hamkorlik bosqichi

31.07.2025

O‘zbekiston–Pokiston: charm sanoatidagi yangi hamkorlik bosqichi

Pokiston Islom Respublikasining yetakchi charm sanoati vakillaridan iborat rasmiy delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Mazkur biznes missiya ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berishi kutilmoqda. Asosiy e’tibor — charm-poyabzal sanoatida qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston hududida ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish va tayyor mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish masalalariga qaratildi.

Uchrashuvlarda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi, mahalliy charm-poyabzal ishlab chiqaruvchilar, shuningdek Pokistonning nufuzli kompaniyalari va tarmoq uyushmalari vakillari ishtirok etdi.

Muloqotda Pokiston kompaniyalari O‘zbekistonning sanoat infratuzilmasi, ayniqsa kichik sanoat zonalari (KSZ) bilan tanishib, hududiy imkoniyatlarni o‘rgandi. Delegatsiya vakillari Toshkent va viloyatlardagi mavjud ishlab chiqarish quvvatlari, yer maydonlari va soliq imtiyozlari haqida amaliy ma’lumotga ega bo‘ldi.

Delegatsiya tarkibidagi kompaniyalar — “Cosmopolitan Enterprises”, “Madina Oasis”, “J&S Timeless Leather”, “STA Leather Products” va boshqalar — mahalliy korxonalar bilan hamkorlikda mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi. Xususan, franchayzing modeli orqali Pokiston brendlarining O‘zbekiston hududida ishlab chiqarilishi va keyinchalik eksport qilinishi rejalashtirilmoqda.

Qator kompaniyalar O‘zbekiston sanoat zonalaridan yer maydonlari olib, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish niyatida. Bu borada investorlar uchun yaratilgan yengilliklar — bojxona va soliq imtiyozlari, infratuzilmaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, sertifikatlash tizimidagi islohotlar — alohida e’tirof etildi.

 O‘zbekistonning geografik joylashuvi va logistika infratuzilmasi Pokiston kompaniyalari uchun katta qiziqish uyg‘otmoqda. Delegatsiya vakillari ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Yevropa, Turkiya, Rossiya, Markaziy Osiyo va Xitoy bozorlariga eksport qilish imkoniyatlari haqida amaliy tahlillar olib bordi.

Pokiston delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarda amaliy bosqichga o‘tilayotganini anglatadi. Bu tashrif siyosiy diplomatiya darajasidan tashqari, real sanoat loyihalari, yangi ishlab chiqarish quvvatlari, hamkorlik asosida o‘sish strategiyalarini o‘z ichiga oldi.

Uchrashuvlar yakunida bir nechta kompaniyalar tomonidan O‘zbekiston hududida ishlab chiqarish va eksportni o‘z ichiga olgan qo‘shma loyihalarni boshlash bo‘yicha dastlabki kelishuvlar shakllantirildi.

 

Uzcharmsanoat