Charm sanoatining yangi industrial aloqalari: O‘zbekiston – Rossiya hamkorligida yangi yo‘nalishlar

10.07.2025

Charm sanoatining yangi industrial aloqalari: O‘zbekiston – Rossiya hamkorligida yangi yo‘nalishlar

 Yekaterinburg shahrida o‘tayotgan “INNOPROM–2025” xalqaro sanoat ko‘rgazmasining navbatdagi kunida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi vakillari bir qator yirik Rossiya kompaniyalari bilan amaliy muzokaralar o‘tkazdi. Mazkur uchrashuvlar O‘zbekiston charm sanoati va kimyo sanoati o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi, junni chuqur qayta ishlash, texnologik moddalarning importi va tayyor mahsulot eksporti kabi yo‘nalishlarda real hamkorlik imkoniyatlarini ochib bermoqda.

Rossiyaning yirik kimyo sanoati vakili — Polyplast Group kompaniyasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda charm va junni qayta ishlashda zarur bo‘lgan noorganik birikmalar, stabilizatorlar, vositalar va reaktivlar yetkazib berish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuvda O‘zbekiston korxonalarining ushbu mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyoji, narx va logistik imkoniyatlar tahlil qilindi. Tomonlar kelgusida texnik xususiyatlar almashinuvi va sinov partiyalari yetkazib berilishi bo‘yicha kelishib oldi.

Rossiyaning “Absolutbank” bankining Tarmoq mijozlar boshqarmasi rahbari bilan o‘tkazilgan muloqotda O‘zbekiston charm sanoati uchun moliyaviy xizmatlar va Rossiya bozorida kreditlash imkoniyatlari muhokama qilindi. Bankning sektorli yondashuvi asosida O‘zbekiston kompaniyalariga Rossiyada eksport bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar orqali hisob-kitoblarni olib borish, moliyalashtirish va kafolatlash imkoniyatlari taklif qilindi. Tomonlar bu borada individual loyihalar bo‘yicha ishlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Uchrashuvlarda ayniqsa junni chuqur qayta ishlash, tayyor poyabzal mahsulotlarini Rossiya hududlariga eksport qilish bo‘yicha real imkoniyatlar muhokama qilindi. Rossiya bozori uchun ekologik toza, mahalliy xomashyo asosida ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlarga bo‘lgan talab ortib borayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston korxonalari esa o‘z navbatida o‘z mahsulotlarini Rossiya chakana va sanoat segmentiga yetkazish, yangi distribyutorlar bilan ishlash, va kooperatsion loyihalarda ishtirok etishga tayyor ekanligini bildirdi.

 

 

 

Uzcharmsanoat