Venetoda boshlangan muloqot: O‘zbek charm sanoati Yevropa sari yo‘l olyapti

01.07.2025

Venetoda boshlangan muloqot: O‘zbek charm sanoati Yevropa sari yo‘l olyapti

2025-yil 27-iyun kuni O‘zbekiston charm sanoati vakillaridan iborat delegatsiya Italiya shimolida joylashgan Veneto mintaqasining sanoat yuragi — Arzignano shahrida bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu tashrif nafaqat hamkorlikning yangi bosqichi, balki O‘zbekiston charm sanoatining Yevropa bozoriga dadil yuz tutayotganining yaqqol isbotidir.

Delegatsiyaning dastlabki manzili — Acque del Chiampo S.p.A. bo‘ldi. Bu kompaniya Italiyadagi eng yirik suvni tozalash korxonalaridan biri bo‘lib, nafaqat ichimlik suvi bilan ta’minlaydi, balki charm sanoati uchun alohida kanalizatsiya tarmoqlari va 42 dan ortiq tozalash inshootlari orqali yiliga 1,7 million aholiga teng chiqindilarni qayta ishlaydi.

Uchrashuv davomida Toshkent viloyati va Nukus shahrida shunga o‘xshash ekologik inshootlarni barpo etish bo‘yicha hamkorlik qilish taklifi bildirildi. Dastlabki loyihalar tayyorlanmoqda va Italiya tomonidan ilg‘or texnologik yechimlar O‘zbekistonga tatbiq etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Delegatsiyaning navbatdagi manzili — Conceria Ferrari korxonasi bo‘ldi. 1946-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan bu kompaniya bugungi kunda “Hermes” kabi jahon brendlariga charm mahsulotlari yetkazib beradi. E’tiborlisi, Conceria Ferrari allaqachon O‘zbekistonning “Orient Technology MChJ” korxonasidan krast charm import qilmoqda. Bu esa O‘zbek charm mahsulotlarining Yevropa standartlariga to‘liq javob berayotganini ko‘rsatadi.

Delegatsiya korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlari, ekologik standartlar, xalqaro sertifikatlar (LWG Gold, ICEC) bilan yaqindan tanishdi. Korxona rahbariyati bilan olib borilgan muzokaralarda mavjud hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Shuningdek, delegatsiya Arzignano shahri ma’muriyatida shahar merining investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Riccardo Masiero bilan uchrashdi. Uchrashuvda sanoat zonasining infratuzilmasi, investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, shuningdek, bu tajribani O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi. Italiya tomoni Arzignano sanoat zonasi vakillarining O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha bildirilgan tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

Kunning eng muhim uchrashuvlaridan yana biri — Italiya–O‘zbekiston Savdo Palatasi prezidenti Giorgio Veronesi bilan bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida quyidagi yo‘nalishlarda amaliy kelishuvlarga erishildi:

🔹 O‘zbekiston charm mahsulotlarini Italiyadagi xalqaro ko‘rgazmalarda ilgari surish;

🔹 Mahalliy mutaxassislar uchun Italiyada qisqa muddatli o‘quv-trening dasturlarini tashkil etish;

🔹 Wet-blue va krast charm mahsulotlarini eksport qilishda Italiya xaridorlarini jalb etish;

🔹 “UzCharmExpo – Eurasia 2025” ko‘rgazmasiga Italiya charm ishlab chiqaruvchilarini jalb qilish.

Tomonlar mavjud hamkorlik memorandumini uzaytirishga kelishib oldilar. Savdo palatasi O‘zbekiston bilan hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqishga tayyor ekanini bildirdi.

Italiyada amalga oshirilgan bu uchrashuvlar nafaqat iqtisodiy, balki ekologik va savdo-siyosiy jihatdan ham muhim qadamlardir. O‘zbekiston charm sanoati bugun dunyo miqyosida e’tibor qozonmoqda — ham sifat, ham tashabbus, ham strategik yondashuv nuqtai nazaridan.

 

 

 

Uzcharmsanoat