Toshkent–Pekin: charm sanoatida hamkorlik strategik sheriklikka aylanmoqda

27.06.2025

Toshkent–Pekin: charm sanoatida hamkorlik strategik sheriklikka aylanmoqda

 Toshkentda Xitoy charm sanoati delegatsiyasi ishtirokida o‘tgan muzokaralar nafaqat ikki davlat sanoati uchun, balki butun mintaqa miqyosidagi kooperatsiya jarayonlari uchun muhim burilish nuqtasiga aylandi. Xitoy charm sanoati korxonalaridan iborat delegatsiya mamlakatimizdagi tashrifini Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligidagi muzokaralar bilan davom ettirdi. Unda vazirlik rahbariyati, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi hamda mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda bir nechta ustuvor masalalar — investitsiya, sorsing, qo‘shma loyihalar, texnologik transfer va eksport logistikasiga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi. Xitoy delegatsiyasi an’anaviy sarmoya ifodasi bo‘lgan “pul tikish” modelidan farqli o‘laroq, ishlab chiqarishda sheriklikka asoslangan kooperatsiya formatiga qiziqish bildirdi. Ular uchun quyidagi omillar alohida ahamiyat kasb etadi:

 tayyor infratuzilmaga ega sanoat zonalari mavjudligi;

 O‘zbekistonning eksport salohiyati va xomashyo bazasi;

 qo‘shma ishlab chiqarish orqali jahon bozorlariga chiqish imkoniyati.

 O‘zbekiston tomoni esa hukumat darajasidagi qo‘llab-quvvatlash, imtiyozlar berish va loyihalarni amalga oshirishda tezkor litsenziyalash jarayonlarini taklif qildi.

Sorsing — buyurtma asosidagi yangi sheriklik modeli

Muzokaralardagi eng yangilikka boy yo‘nalishlardan biri — sorsing modeli bo‘ldi. Bu Xitoy kompaniyalari tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilarga buyurtma berish va mahsulotni ularning standartlari asosida tayyorlashni nazarda tutadi.

 Mahsulot konsepsiyasi va dizayni — Xitoyda shakllantiriladi;

 Ishlab chiqarish jarayoni — O‘zbekistonda amalga oshiriladi;

 Eksport va sotuv — Xitoy va boshqa bozorga yo‘naltiriladi.

 Bu model mahalliy kompaniyalar uchun kafolatlangan bozor, mahsulot diversifikatsiyasi va zamonaviy texnologiyalarga yaqinlashish imkonini yaratadi.

 Aniq loyihalar — real qadamlarga tayyor

Ikki tomonlama hamkorlik umumiy niyat darajasida qolib ketmadi. Muzokaralar davomida aniq loyihalar muhokama qilindi. Jumladan:

 KFK Shoes — Xitoy texnologiyasi asosida yangi mahsulotlar ishlab chiqarishni boshlash niyatida.

 Chust Leather — charmni chuqur qayta ishlash va tayyor aksessuarlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etishga tayyor.

 Bu loyihalar doirasida zamonaviy laboratoriyalar, sifat nazorati tizimlari, yangi tsexlar va ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.

Texnologik transfer va mutaxassislar tayyorlash

Xitoy kompaniyalari mahalliy mutaxassislarni qayta o‘qitish, ishlab chiqarish jarayonida birgalikda dizayn yechimlari ishlab chiqish hamda kadrlar tayyorlashga oid takliflarni ilgari surdi.

 Kasb-hunar kollejlari bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlash;

 “Study tour” formatda mutaxassislarni Xitoyga yuborish;

 Birgalikda mahsulot brendi yaratish, uni onlayn savdo platformalarida ilgari surish.

  Eksport va logistika — bozorga yo‘l ochish yo‘nalishlari

Ishlab chiqarishni boshlash uchun eng muhim shart — eksport bozorlariga kafolatli chiqish. Shu bois logistika va sertifikatlash masalalari ham muzokara markazida bo‘ldi.

 Xitoy tomoni tayyor mahsulotni Guanchjou va Shanxay portlari orqali yetkazib berishni o‘z logistika operatorlari orqali amalga oshirishni taklif qildi.

 O‘zbekiston tomoni esa sertifikatlash, bojxona va eksport litsenziyalash jarayonlarini soddalashtirish hamda “Made in Uzbekistan” brendini “Made for China” formatiga moslashtirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi.

Toshkentdagi mazkur muzokaralar rasmiy tashrifdan ko‘ra — amaliy harakat va o‘zaro ishonch asosidagi sanoat sherikligining boshlanishidir.

 Mahalliy salohiyat va xalqaro texnologiya, ichki bozor va tashqi talab, malaka va moliya — aynan mana shunday nuqtalarda kesishganda, strategik sheriklik ro‘yobga chiqadi. Charm sanoatidagi bunday yaqinlashuv esa nafaqat ikki davlat, balki butun mintaqaning sanoat xaritasini o‘zgartirishi mumkin.

 

 

Uzcharmsanoat