Ilm, amaliyot va sanoat – uch bosqichli yondashuv

16.06.2025

Ilm, amaliyot va sanoat – uch bosqichli yondashuv

Sanoatda muvaffaqiyat — faqat ilg‘or texnologiyalarga emas, balki ularni boshqara oladigan, bozor talablarini anglaydigan va yangilik kirita oladigan malakali kadrlarga bog‘liq. Shu boisdan “O‘zcharmsanoat” uyushmasi ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni o‘zining ustuvor strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan.

Toshkent to‘qimachilik va engil sanoati instituti bilan yo‘lga qo‘yilgan an’anaviy hamkorlik doirasida har yili talabalar bitiruv ishlarini amaliy formatda himoya qilishadi. Joriy yilning 16 iyun kuni “O‘zcharmsanoat” uyushmasi binosida navbatdagi himoya jarayoni bo‘lib o‘tdi.

Charm sanoati yo‘nalishini tamomlayotgan 8 nafar bitiruvchi o‘zlari tanlagan mavzular asosida ilmiy-amaliy tadqiqotlarini taqdim etdi. Ishlar amaliy misollar va dolzarb yechimlar bilan boyitilgan bo‘lib, himoya jarayoni “O‘zcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati, yetakchi korxonalar vakillari hamda tajribali professor-o‘qituvchilar ishtirokida o‘tdi.

Taqdim etilgan ishlar quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oldi:

  • Iqtisodiy samaradorlikni oshirishga qaratilgan charm xomashyosini qayta ishlash usullari;

  • Mahsulot dizayni va o‘ramlarini zamonaviy bozor talablari asosida takomillashtirish;

  • Ekologik toza texnologiyalardan foydalangan holda tayyor mahsulot ishlab chiqarish;

  • Raqamli marketing vositalari orqali charm mahsulotlarini xorij bozorlariga olib chiqish bo‘yicha takliflar.

Har bir taqdimot so‘ngida jamoaviy muhokama bo‘lib o‘tdi, amaliy takliflar bildirildi. “O‘zcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati hamda ishlab chiqaruvchi korxonalar ayrim bitiruv ishlarini amaliyotga joriy etish, ba’zi iqtidorli talabalarni esa stajirovkaga taklif qilish niyatini bildirdi.

“Bu faqat diplom himoyasi emas — bu sohaga kirib kelayotgan yangi avlodning fikrlashi, ilmiy qarashlari va amaliy yechimlari bilan tanishish maydonidir. Bu yerda kadr tayyorlashning bozorga mos va zamonaviy modeli shakllanmoqda,” — deydi uyushma rahbariyati vakili.

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi ta’lim tizimi bilan integratsiyani chuqurlashtirish, talabalarning ilmiy izlanishlarini real ishlab chiqarishga tatbiq etish va salohiyatli mutaxassislarni erta bosqichda aniqlab, ularni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda. Bunday tizimli yondashuv kadrlar yetishmovchiligi muammosini bartaraf etish bilan birga, ichki bozor uchun yuqori salohiyatli, raqobatbardosh milliy mutaxassislar safini kengaytiradi.

Uzcharmsanoat