Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida “Made in Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. Unda O‘zbekistonning yetakchi tarmoqlari qatorida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi hamda unga a’zo korxonalar ham faol ishtirok etmoqda. Mazkur tadbir yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni jahon bozorlariga olib chiqish, eksport salohiyatini oshirish va yangi investitsiyaviy hamkorliklarni yo‘lga qo‘yishda muhim platforma sifatida xizmat qilmoqda.
Ko‘rgazma doirasida bir qator xalqaro biznes uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Shu jumladan, Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan “ALSEVO TEMİZLİK GIDA TEKSTİL VE MODA SAN TİC LTD ŞTİ” kompaniyasi rahbari Senad Sag‘lik bilan ham uchrashuv tashkil etildi. Unda tomonlar o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi.
Muzokaralar davomida maxsus sanoat sohalari uchun mo‘ljallangan himoyaviy poyabzallar eksporti bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Turk hamkorlari o‘z navbatida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning dizayni, sifat va standartlarga javob berishiga yuqori baho berishdi.
Bundan tashqari, “ALSEVO” kompaniyasi O‘zbekiston bilan hamkorlikni faqat xarid qilish emas, balki kelgusida qo‘shma ishlab chiqarish yo‘nalishida ham rivojlantirish niyatida ekanini bildirdi. Ushbu yaqinlashuv ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Boku shahridagi “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi O‘zbekiston mahsulotlariga bo‘lgan qiziqish ortib borayotganini namoyon etdi. Chunki bu nafaqat eksport, balki mamlakatimizdagi ishlab chiqarish tarmoqlarining xalqaro talablarga qanchalik mos ekanini ko‘rsatadi.
Uzcharmsanoat